platina.uz
Jamiyat

Qishloq xoʻjaligi mexanizatori vafot etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev marhumning oilasiga hamdardlik bildirdi.

Qishloq xoʻjaligi mexanizatori vafot etdi

Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, Toshkent davlat texnika universiteti professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinov shu yil 4 dekabr kuni 89 yoshida vafot etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov va bosh vazir Abdulla Aripov marhum vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

A.Sadriddinov 1936 yil 26 iyunda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent yengil sanoat institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi boʻyicha taʼlim oldi. Mehnat faoliyatini Oʻrta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti)da katta laborant vazifasida boshladi. Ushbu oʻquv dargohining aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Isteʼdodli olim Toshkent texnika universitetida katta oʻqituvchi, dotsent, Mexanika, Traktor va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi fakultetlari dekani, birinchi prorektor, professor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Toshkent viloyati boʻlimi rahbari kabi lavozimlarda samarali xizmat qilib, mamlakatimizda yuksak malakali kadrlar tayyorlash, agrar sohani zamon talablari asosida mexanizatsiyalashtirishga doir ilmiy ishlanma va qoʻllanmalar tayyorlash, ularni amaliyotga joriy etish jarayonlariga munosib hissa qoʻshdi.

Zahmatkash olim va pedagog 65 yildan ziyod vaqt mobaynidagi serqirra faoliyati davomida paxta terish mashinalarini takomillashtirish boʻyicha samarali tadqiqotlar olib bordi, ushbu yoʻnalishda koʻplab maqolalar, risola va monografiyalar, amaliy ishlanma va metodik qoʻllanmalar yaratdi. Ayniqsa, agrotarmoq rivoji uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan 40 dan ziyod ilmiy loyihalar, davlat grantlari va xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilgani, paxta terish mashinalarini takomillashtirish boʻyicha laboratoriya bazasiga asos solgani mamlakat qishloq xoʻjaligida texnik va texnologik islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Ustoz olim tajribali pedagog sifatida koʻplab shogirdlar tayyorladi, uning rahbarligida oʻnlab nomzodlik va 5 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilindi.

A.Sadriddinovning mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik mexanizatori” faxriy unvoni, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid