Oʻzbekistonning Portugaliyaga qarshi oʻyini bekor qilindi
Ikki terma jamoa oʻrtasida oʻrtoqlik oʻyini boʻlishi kutilayotgandi. Ammo JCh qurʼasidagi raqiblik sabab bu uchrashuv oʻtkazilmaydi.

Oʻzbekiston JCh qurʼasi sabab Portugaliya bilan oʻrtoqlik oʻyinini bekor qildi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya bilan oʻynamaydi. Bu haqda 5 dekabr kuni Vashingtonda boʻlib oʻtgan 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichiga qurʼa tashlash marosimidan soʻng eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Portugaliya va Kolumbiya bilan oʻynaydigan K guruhiga kiritildi. Guruhdagi toʻrtinchi jamoa qitʼalararo pley-offdan keyin aniqlanadi.
Championat.asia nashri maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ilgari Portugaliya futbol federatsiyasi bilan mart oyida oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazishga kelishib olgan edi.
Biroq, jamoalarni bir guruhga joylashtirgan qurʼa ushbu oʻyinni bekor qilishga majbur qildi. Endi Oʻzbekiston ham, Portugaliya ham mart oyida boʻlib oʻtadigan FIFA kunlari uchun yangi raqiblar topishi kerak boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, 40 yoshli Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasining asosiy oʻyinchisi hisoblanadi.