platina.uz
Siyosat

"Butun dunyo investorlar bilan ishlashni va investitsiyalarni jalb qilishni sizdan oʻrganishi kerak"

“ACWA Power” kompaniyasi raisi va “Vision Invest” kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi Muhammad Abunayan Shavkat Mirziyoyev haqida fikr bildirdi.

"Butun dunyo investorlar bilan ishlashni va investitsiyalarni jalb qilishni sizdan oʻrganishi kerak"

Energetika sohasidagi obʼektlar va yirik loyihalarni ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosimda “ACWA Power” kompaniyasi raisi va “Vision Invest” kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi Muhammad Abunayan soʻzga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosatini, investorlar uchun yaratib berayotgan imkoniyatlarini hamda xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirayotgan ishlarini yuksak baholadi.

“Prezident janobi oliylari, siz investorlarga minnatdorlik bildirmang, aksincha, ularning barchasi sizga rahmat aytishi kerak. Siz investorlarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun oʻziga xos muhit yaratdingiz. Biz sarmoya kiritayotgan loyihalar doimo sizning koʻmagingiz bilan amalga oshiriladi. Buning uchun barcha investorlar sizga minnatdorlik bildiradi.

Bugungi kunda energetika sohasida amalga oshirilayotgan va bugun ishga tushiriladigan loyihalar siz va hukumatingiz tomonidan energetika sohasidagi islohotlarga katta eʼtibor qaratilayotganining bevosita isbotidir. Har bir investor sizning qoʻllab-quvvatlashingizni doimo his qiladi.

Prezident janobi oliylari, butun dunyo investorlar bilan ishlashni va investitsiyalarni jalb qilishni sizdan oʻrganishi kerak. Bu nafaqat energetika sohasidagi loyihalarga, balki barcha tarmoqlarga, mamlakatlar iqtisodiyotining boshqa sohalariga taalluqlidir.

Muhtaram Prezident janobi oliylari, siz amalga oshirayotgan ishlarning natijalari bilan muqaddas Oʻzbekiston zaminida yashayotgan butun xalq faxrlanishi kerak. Chunki hamma rahbarlar ham, hamma davlatlar ham bunday natijalarni taʼminlashga, bunday chuqur islohotlarni amalga oshirishga qodir emas", dedi Abunayan.

U 8 yil davomida energiya davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichi ekanini taʼkidladi.

"Yangi Oʻzbekistonning asosiy energiya manbai - bu siz, hurmatli Prezident! Siz ilhom manbai boʻlib butun xalqqa oʻrnak boʻlib kelyapsiz. Siz oʻz kuchingiz, bilimingiz va gʻayratingizni ayamaysiz. Siz nafaqat oʻz xalqingizni, balki boshqa mamlakatlardagi hamkasblaringizni ham shunday global islohotlarni boshlashga ilhomlantiryapsiz.

Mana shu 8-10 yil ichida siz qilgan ishlar, erishilgan natijalar, tarix sahifalariga muhrlandi. Ular Oʻzbekiston solnomasiga zarhal harflar bilan yoziladi. Albatta, biz Oʻzbekiston bilan hamkorlikda ishlashni davom ettirishga hamisha tayyormiz va bu biz uchun katta sharafdir", dedi investor.

Uning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari va investorlari Oʻzbekistonga kelib, loyihalarda ishtirok etishga tayyor.

"Men juda koʻp xorijiy mamlakatlarda boʻlaman va har doim, har qanday minbardan Oʻzbekistonni misol qilaman. Oʻzbekistonga boring, u mamlakatda yaratilgan sarmoyaviy muhit bilan albatta tanishing, deyman.

Men Oʻzbekistonga yorqin kelajak tilayman! Doimo duo qilamiz, uzoq umr koʻring, toki siz va Oʻzbekistondan taralayotgan energiya dunyoning barcha mamlakatlariga taralib tursin", dedi Abunayan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid