platina.uz
Maqola

Yomgʻir chaqirish marosimlari: tarix va zamonaviylik

Bulutli texnologiyalar, sunʼiy yoʻldoshlar va zamonaviy ilm-fan rivojlangan bir paytda ayrim mamlakatlarda yomgʻir duolari haliyam oʻqiladi, boshqalarida esa qadimiy odatlar zamonaviy iqlim taʼsiri usullari bilan uygʻunlashib ketmoqda.

Yomgʻir chaqirish marosimlari: tarix va zamonaviylik
Fotokollaj: Platina.uz

Inson qaysi davrda yashamasin, u har doim suvga muhtoj mavjudot boʻlib qolgan. Yogʻingarchiliklar esa hosil, kundalik ozuqa, hatto siyosiy barqarorlik garovi sifatida koʻrilgan.

Insoniyat tarixidagi ilk madaniyat, shahar va davlatlar ham yirik daryolar boʻyida paydo boʻlgan. Masalan, miloddan avvalgi 3500-3000 yillarda Mesopotamiya madaniyati – Tigr va Yevfrat daryosi boʻyida, Qadimgi Misr madaniyati – Nil daryosi, Hind madaniyati – Ind va Gaggar-Xakra daryosi, Qadimgi Xitoy madaniyati – Xuanxe, keyin Yanszi daryolari boʻyida shakllangan.

Qurgʻoqchilik hukmron boʻlgan mintaqalarda esa yomgʻir soʻrash marosimlari – sehr, diniy eʼtiqod va jamoaviy psixologiyani birlashtirgan murakkab marosimlar paydo boʻlgan. Bugun bulutli texnologiyalar, meteorologiya sunʼiy yoʻldoshlari va zamonaviy ilm-fan rivojlangan bir paytda bu marosimlar folklor sifatida qabul qilinsa-da, yoʻqolib ketmagan: ayrim mamlakatlarda yomgʻir duolari haliyam oʻqiladi, boshqalarida esa qadimiy odatlar zamonaviy iqlim taʼsiri usullari bilan uygʻunlashib ketmoqda.

Tarixiy ildizlar: inson birinchi bor osmondan marhamat soʻragan kun

“Yomgʻir sehri”ga oid ilk manbalar juda qadim davrlarga borib taqaladi. Yomgʻir chaqirishga qaratilgan marosimlar shumerlar va akkadlar, qadimgi xitoyliklar, Shimoliy Amerikaning janubi-gʻarb hindulari, Afrikaning bantu qabilalari va Kavkaz xalqlari orasida qayd etilgan.

Qadimda butparastlik, animizm va koʻpxudolik keng tarqalgani bois, har bir kasb yoki tabiat hodisalari uchun “biriktirilgan” ilohlar bor deb ishonishgan. Yomgʻir uchun “javobgar” ilohni xursand qilinsa, qurbonlik keltirilsa, yomgʻir yogʻadi, deb oʻylashgan. Bu marosimlarda ruhoniy yoki shamanlar boshchilik qilgan.

Qadimgi misrliklar dinida yomgʻir soʻrash uchun Tefnut ilohi deb yasalgan tosh sanamga iltijo qilib, yalinib yolvorishgan.

Shumer sopol taxtachalari esa Inanna va Dumuzi haqida soʻzlaydi – ularning munosabati mavsumiy yogʻingarchilik siklini ifoda qilgan.

Xitoyda Szyan davrida ruhoniylar osmonga qurbonliklar keltirib, “yomgʻir raqslari”ni oʻtkazgan; bronza yozuvlarida Shandi – yomgʻirni boshqaruvchi oliy kuch haqidagi iltijolar uchraydi.

Ruslarda ham yomgʻir soʻrash anʼanalari boʻlgan. Yomgʻir ancha payt yogʻmay ketsa, bolalar, baʼzan kattalar ham koʻchaga chiqib, “Yomgʻir, yomgʻir, koʻproq yogʻ! Senga taom beraman, hovliga chiqib, senga bodring beraman”, – deb yomgʻirni koʻproq yogʻishga chorlashgan. Yoki birlariga suv sepib, shalobbo qilib, yomgʻir yogʻishini soʻrashgan.

Avliyo Nikola (Veshniy) kunida esa dalalarni aylanib marosim oʻtkazishgan. Dehqonlar Nikolayning oʻzi dalalarni aylanib chiqadi, yomgʻir yogʻdirib, hosil yaxshi boʻlishiga yordam beradi deb ishonishgan.

Ayrim hududlarda qizlar va ayollar Troitsada yoxud boshqa kunlarda oʻrmonga yigʻilib, olov yoqishgan, tuxum qovurishgan va bir-birlariga suv sepishgan.

Qattiq qurgʻoqchilik paytida tabiat ruhlariga yoxud muqaddas zotlarga qurbonliklar ham qilishgan.

Shakllar va ramzlar: raqslardan tortib qurbonliklargacha

Arxeologik topilmalar orasida suv ramzlari tushirilgan toʻqimalar, maxsus marosim idishlari va ruhlarga yoʻllangan yozma iltijolar saqlanib qolgan. Yomgʻir soʻrash marosimlari juda xilma-xil, ammo ularda umumiy jihatlar ham bor. Masalan, yomgʻir soʻrash marosimi jamoaviy tarzda oʻtkazilgan. Suvdan ramz sifatida foydalanilgan. Davra raqsga tushib, ilohlarga yoki samoviy kuchlarga murojaat qilishgan.

Turli xalqlar anʼanalaridagi farqli jihatlarga kelsak, Markaziy Osiyoda (uygʻur, tojik, oʻzbek) “chilav” deb atalgan odat boʻlib, bolalar qoʻshiq aytib uylarni aylanib chiqqan.

Yoki Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa xalqlar oʻrtasida Islom dini kelishidan avval “Sus xotin” marosimi ham oʻtkazilgan. Uni “Soʻz xotin”, “Sut xotin”, “Suv xotin” deb ham atashgan. Bu marosim chogʻida shox va lattalardan xotin qoʻgʻirchogʻi yasalib, koʻtarib yurgan holda iltijo qoʻshigʻini aytishgan.

Bolqon xalqlarida «peperuda» marosimida qizlar barg va gullar bilan bezanib, suv sepish ostida raqs qilgan.

Xopi hindularida ruhlarning niqoblarida yomgʻir raqslari ijro etilgan.

Afrikada ruhoniylar muqaddas togʻ yoki qoyalarda qurbonliklar keltirib, ajdodlar ruxlari bilan muloqot orqali yomgʻir chaqirishgan.

Sirli Yada toshi

Xuroson va Sharqiy Turkiston yerlarida Yada toshi (Jadag, Jada, Yada taş, yad) mashhur boʻlgan.

Bu – turkiy mifologiyada boron, yomgʻir, shamolni chaqirish yoki toʻxtatish qudratiga ega deb hisoblangan afsonaviy tosh. Bu toshlarni bir-biriga urish orqali yomgʻir chaqirishgan. Hattoki buyuk oʻzbek adibi Alisher Navoiy ham oʻz asarlarida bu tosh rostdan yomgʻir chaqirganiga guvohlar borligi haqida yozgan.

Shuningdek, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”, Muqaddasiy, Ibn al-Faqih kabi mualliflarning asarlarida, “Qutadgʻu bilik” asarida, Turk-moʻgʻul dostonlari va rivoyatlarida shu haqda yozilgan.

Bu tosh, shuningdek, shamol chaqirish hamda doʻl yoki boʻronni boshqarish maqsadida ham ishlatilgan.

Buyuk Britaniya muzeyida esa ulugʻ oʻzbek sarkardasi Jaloliddin Menguberdiga tegishli, vazni 42 kilogram boʻlgan Yada toshi saqlanadi. Ammo yomgʻirdan koʻra, dushman oʻqidan asrovchi tumor sifatida qoʻllanilgan, deya izoh berilgan.

Jaloliddin Manguberdining Yada toshi.

Bu tosh 1230 yillarga oid boʻlib, Manguberdining Kavkaz va Eronga harbiy yurishlari chogʻida qoldirilgan, deyiladi.

Diniy anʼanalar: sehr oʻrniga duo

Yirik samoviy-dunyoviy dinlar tarqalishi bilan arxaik marosimlar yangi shaklga oʻtdi.

Islomda yomgʻir soʻrash – istisqo namozi oʻqilgan. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) Madinada qurgʻoqchilik payti oʻqigan. Keyin darhol yomgʻir yoqqan.

Pravoslav va katolik anʼanasida “yomgʻir tushirish” haqida maxsus ibodatlar oʻtkaziladi.

Yahudiy jamoalari Sukkot davrida yomgʻir haqidagi maxsus duolarni qoʻshib oʻqishadi.

Buddizmda maxsus sutralar bor – ularda mahluqotlar yerni qurgʻoqchilikdan asraydi, deb ishonilgan.

Bu ibodatlarda qadimgi marosimlarning mohiyati – osmonga iltijo – saqlanib qolgan, ammo shou-teatrallik deyarli yoʻqolgan.

Zamonaviy davr: xurofotmi yoki madaniy hodisa?

Ilm-fan taraqqiyotiga qaramay, yomgʻir chaqirish marosimlari yoʻqolmadi.

Masalan, Hindistonda fermerlar jamoaviy duo va raqs marosimlarini hanuz oʻtkazadi. Tailandda har yili suvga bagʻishlangan “Loy Kratong” marosimida yomgʻir iltijolari aytiladi. Meksikaning togʻli qishloqlarida Tlalok marosimlari hamon saqlanib qolgan. Tojikiston va Afgʻoniston qishloqlarida bolalarning “chilav” qoʻshiqlari saqlangan.

Bugungi kunda esa ilmiy va gibrid shakllar ham paydo boʻldi: Xitoy, BAA va Saudiya Arabistonida bulutlarga reagent sepish kabi “yogʻingarchilik chaqirish” dasturlari amalga oshirilmoqda.

Hujjatlashtirilgan “muvaffaqiyatlar”: tasodifmi yoki qonuniyat?

Tarixiy manbalarda marosimdan soʻng yomgʻir yoqqani haqida koʻplab qaydlar uchraydi.

Misol uchun, 684 yilda Xitoy imperatori Gaotszun maxsus “da yuy” marosimini oʻtkazishni buyuradi – ikki kundan soʻng yomgʻir yoqqani qayd etilgan.

XIX asr oxirida Habashistona missionerlar oromo xalqining raqsidan soʻng “beshdan uch holatda yomgʻir yoqqani” haqida yozishgan.

1930-yillarda xopi hindulari marosimlaridan keyin yomgʻir kuzatilgani haqida antropologik yozuvlar bor.

Olimlar nega ishonmaydi?

Ular mavsumiy yogʻingarchilikning oʻz vaqtida kelishi, odam miyasining “muvofiq” holatlarni eslab qolishga moyilligi, qolaversa, qadimgi ruhoniylar yomgʻir yogʻish oldidan tabiatda yuz beradigan holatlar(qaldirgʻochlarning pastlab uchishi va hokazo)ni kuzatib, marosimlarni oʻshalarga moslab oʻtkazishgan, deb hisoblashadi. Hozirgacha hech bir jiddiy tadqiqot marosim bilan real yomgʻir yogʻish holatini bogʻlay olmagan.

Ilmiy tushuntirishlar: nega bu marosimlar “foyda beradi” deb oʻylashgan?

Meteorologlarning taʼkidlashicha, koʻpchilik marosimlar aynan yomgʻir ehtimoli yuqori boʻlgan davrlarga toʻgʻri kelgan.

Psixologlarning fikricha, jamoaviy marosim xavotirni kamaytiradi, insonga nazorat hissini beradi, jamoani birlashtiradi.

Antropologlar esa bu marosimlarni tabiatning beqarorligiga jamiyatning moslashuv mexanizmi sifatida qarashadi.

Xulosa

Yomgʻir soʻrash marosimlari – faqat tarixiy rukn emas. Ular insonning tabiatga bogʻliqligi va u bilan “til topish”ga intilishidan hikoya qiladi. Bugun ularning vazifasi oʻzgardi: ular sehru jodu vositasidan madaniy kodga, umid va birdamlik ramziga aylandi.

Biroq bir narsa abadiy: qurgʻoqchilik chuqurlashganda, inson hali ham osmonga umid bilan boqadi va yomgʻirni, marhamatni hamda najotni kutadi...

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid