Xitoydan 15 mlrd dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtiriladi
Prezident Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.

Joriy yil Xitoydan 15 mlrd dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtiriladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikni kengaytirish, energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan oʻzaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy kompaniyalarining Oʻzbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgina joriy yilda Xitoydan 15 milliard dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan, qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli esa qariyb 90 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Koʻp qirrali hamkorlikning muhim yoʻnalishi sifatida energetika sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xitoylik sheriklar ishtirokida umumiy quvvati qariyb 10 gigavatt, qiymati 9 milliard dollardan ortiq 30 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun qoʻshimcha ravishda qariyb 2 milliard dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirildi.
“China Datang” kompaniyasi prezidenti Djou Yuanlong bilan mavjud fotoelektr stansiyalarini kengaytirish, yangilarini qurish va qoʻshimcha saqlash quvvatlarini barpo etish rejalari muhokama qilindi.
Kompaniyaning kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, qishloq xoʻjaligi va chorvachilikda qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.
“China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi rahbari Syu Lyu bilan suhbatda mamlakatimiz hududlarida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar yuqori baholandi.
Muqobil energetika va yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish loyihalarini ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
“Sinoma Energy” kompaniyasi raisi Men Sinlin shamol elektr stansiyasi hamda shamol turbinalari uchun parraklarni mahalliylashtirish uchun zavod qurilishining borishi haqida axborot berdi. Shuningdek, kimyo va qurilish sanoatida chiqindilarni tozalash boʻyicha kompaniya taklif etayotgan texnologik yechimlar yuzasidan fikr almashildi. Ushbu loyihalarga doir ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
“Universal Energy” kompaniyasi bosh direktori Nan Yi bilan mamlakatimiz hududlarida shamol elektr stansiyalari qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilindi.
“China General Technology” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kan Xubyao bilan yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya stansiyasini samarali ishlatish muhokama qilindi. Kompaniyaning Oʻzbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Davlatimiz rahbari “Poly Changda Engineering” kompaniyasi bosh direktori Myao Szechunning kelgusi yilda bugun ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasining mantiqiy davomi sifatida energiya saqlash tizimini qurish boʻyicha rejalarini qoʻllab-quvvatladi.