Toshkentda aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 60 foizga yetkaziladi
Poytaxtda transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. 150 ming oʻrinli toʻxtab turish joylari ham tashkil etiladi.

“Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–368-son, 04.12.2025 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:
- aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
- avtobusning oʻrtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
- transport vositalari uchun 150 ming oʻrinli toʻxtab turish joylarini tashkil etish;
- metropoliten tarmogʻi uzunligini 103 kmga yetkazish.
Toshkent shahrida yoʻl harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
- zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qoʻllash orqali Toshkent shahrida transport, yoʻlovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yoʻl harakatini tashkil etish,
- Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
- hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yoʻllaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining koʻp qavatli toʻxtab turish joylarini tashkil qilish;
- Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yoʻl oʻtkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining toʻxtab turish joylarini tashkil qilish.
Toshkent shahrining transport va yoʻl infratuzilmasini boshqarishning zamonaviy axborot texnologiyalari bilan integratsiyalashgan intellektual transport tizimi ishlab chiqilmoqda hamda unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyoda va yoʻlovchi oqimlari toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻish;
- transport va piyoda oqimlarini tahlil qilish asosida svetoforlarni boshqarish, svetofor fazalarini avtomatik tarzda moslashtirish;
- agar harakat jadvalidan chetga chiqilsa, maxsus va jamoat transporti vositalari harakatining ustuvorligini taʼminlash;
- avtotransportlar, shu jumladan, maxsus texnikalar harakatini monitoring qilish, qurilish hamda maxsus texnikalarning maxsus mexanizmlari ishini nazorat qilish;
- yoʻl-transport hodisasi xavfi yuqori boʻlgan hududlarni aniqlash, ular boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.