Talabalar uchun qishki taʼtil 28 dekabrdan boshlanadi
Ular uchun 50 foiz chegirma asosida yoʻl chiptalari sotuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Talaba va oʻquvchilar uchun qishki taʼtil 28 dekabrdan boshlanadi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrugʻiga muvofiq, oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari (davlat, nodavlat hamda xorijiy) va akademik litseylar talaba hamda oʻquvchilarining joriy oʻquv yili uchun qishki taʼtil muddati belgilandi.
Unga koʻra, qishki taʼtil 2025 yil 28 dekabrdan boshlanib, 2026 yil 10 yanvariga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Talaba va oʻquvchilarning qishki taʼtil davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishlarini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Uzbekistan Airways ” AJ bilan hamkorlikda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Shunga muvofiq, 2025 yil 18 dekabrdan 2026 yil 12 yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va oʻquvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yoʻl chiptalari sotuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Eslatib oʻtamiz, maktab oʻquvchilari ham 28 dekabrdan taʼtil boshlanishi maʼlum boʻlgandi.