Surxondaryoda bank xodimiga nisbatan jinoyat ishi ochildi
U 17 mlrd soʻm kredit ajratilishi yuzasidan murojaat qilgan fuqarodan pul soʻragan.

Bank xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
“Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xodimi ushlandi.
Xodim Shoʻrchi tumanida yashovchi fuqaro nomiga kredit ajratilishi masalasi yuzasidan noqonuniy ravishda 2000 AQSh dollari va 1.300.000 soʻm olgan vaqtida DXXning Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda IJQK Departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bank mutaxassisi fuqaro tomonidan 17 mlrd soʻm kredit mablagʻi ajratilishi yuzasidan murojaat qilganida, kredit olish uchun garov mulki sifatida qoʻyilishi kerak boʻlgan bino “Elektron baholash” tizimining xulosasiga koʻra yetarli qiymatga ega emasligini taʼkidlab, ushbu masalani hal qilish uchun firibgarlik yoʻli bilan pul talab qilgan.
Hozirda mazkur bank xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Fargʻonada hokim oʻrinbosari 8 ming dollar bilan ushlangandi.