Oʻzbekistonda "yashil" energiya ishlab chiqarish hajmi 23 mlrd kilovatt-soatga yetkaziladi
Prezident qatnashayotgan marosimda jami 11 milliard dollarlik quvvatlar va infratuzilma obʼektlari ishga tushiriladi.

Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida tantanali marosim boshlandi. Unda yangi energetika quvvatlari ishga tushiriladi hamda navbatdagilarining qurilishi boshlanadi.
Marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obʼektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi.
Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular toʻliq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya boʻladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
“Eʼtibor bering, bu – Oʻzbekiston aholisining yillik elektr energiya isteʼmoli toʻliq qoplanadi, deganidir”, – dedi Prezidentimiz.
Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng koʻp isteʼmol qilinadigan tigʻiz vaqtlarda qoʻshimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.
Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
“Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan toʻxtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obʼektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratamiz”, – dedi Prezident.
Aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi.
IT, sunʼiy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yoʻnalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar soni koʻpaytiriladi.
Ayni paytda Saudiyaning “Data-volt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish boʻyicha ishlarni boshlagan. Bunday keng koʻlamli ishlar elektr energiyasiga boʻlgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi.
Shu bois, davlatimiz rahbari yaqin kelajakdagi rejalarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi.