Gʻazoda HAMASga qarshi boʻlgan harbiy qoʻmondon oʻldirildi
Isroil tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Abu Shabab "Xalq kuchlari" deb nomlanuvchi harbiy guruhning rahbari edi.

Gʻazoda Isroilga yaqin boʻlgan harbiy qoʻshinlari qoʻmondoni Yosir Abu Shabab oʻldirildi.
Gʻazoda Isroil tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan qurolli guruh rahbarining oʻldirilishi, Isroilning HAMASga qarshi kurashish uchun oʻziga sodiq kuchlarni shakllantirishga qaratilgan harakatlariga jiddiy zarba boʻldi.
Mahalliy OAV va Gʻazo manbalariga koʻra, Beduin harbiy guruhi yetakchisi Abu Shabab kuchli qurollangan mahalliy oilalar bilan roʻy bergan toʻqnashuvda olgan jarohatlaridan soʻng vafot etgan.
Abu Shabab “Xalq kuchlari” deb nomlanuvchi harbiy guruhning qoʻmondoni edi. Bu guruh ikki yillik mojaroning soʻnggi bosqichlarida paydo boʻlgan bir nechta harbiy guruhlar orasida eng yirik va eng yaxshi qurollangani edi. Ular HAMASni zaiflashtirish va gʻazoliklarning ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida Isroil tomonidan qurollantirilgani aytiladi.
Abu Shababning aynan qachon halok boʻlgani aniq emas, ammo hodisa soʻnggi 48 soat ichida sodir boʻlgani taxmin qilinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, u Gʻazodagi mahalliy oilalar oʻrtasidagi janjalga aralashgan paytda oʻq yegani aytildi va HAMAS uning oʻlimiga aloqador degan xabarlar “notoʻgʻri” deb eʼlon qilindi.
Iyun oyida Benyamin Netanyaxu Isroil Gʻazoda HAMASga qarshi ayrim harbiy guruhlarni qurollantirganini maʼlum qilgan edi. Abu Shababning oʻlimi yuzasidan Isroil hukumati hozircha rasmiy izoh bergani yoʻq.
Isroilning ushbu siyosati baʼzi ekspertlar tomonidan tanqid qilindi. Ularning aytishicha, bunday guruhlar 2007 yildan beri Gʻazoni boshqarib kelayotgan HAMASGA hech qanaqasiga qarshi chiqa olmaydi.
Tel-Aviv universiteti qoshidagi Moshe Dayan markazida HAMAS boʻyicha mutaxassis boʻlgan, Isroil harbiy razvedkasining sobiq xodimi doktor Maykl Milshteyn shunday dedi:
“Bu oldindan maʼlum edi. Uni HAMAS oʻldirganmi yoki guruh ichidagi janjalda halok boʻlganmi – baribir oxiri shunday boʻlishi ayon edi”.
Isroil nazorati ostidagi Gʻazo hududlarida HAMASGA qarshi bir nechta boshqa guruhlar ham tashkil qilingan. Falastinlik siyosiy tahlilchi doktor Reham Oudaning aytishicha, Abu Shababning oʻlimi ushbu harbiy guruhlar orasida HAMASGA qarshi turish ancha mushkulligini anglatadi.
Abu Shababga boʻysunuvchi qariyb yuz nafar jangchi oktabr oyida AQSh vositachiligida tuzilgan HAMAS va Isroil oʻrtasidagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvidan keyin ham Isroil kuchlari nazoratidagi hududlarda urush harakatlarini davom ettirgan.
Gʻazodagi mojaro 2023 yilda HAMASning Isroilga qilgan hujumi bilan boshlangan. Bu hujumda 1 200 kishi, asosan tinch fuqarolar halok boʻlgan, 250 kishi esa asirga olingan. Shundan soʻng boshlangan Isroilning hujumlari va sulhdan keyingi zarbalari 70 mingdan ortiq falastinlik tinch aholi hayotiga zomin boʻlgan va hududni deyarli vayronaga aylantirgan.