Fargʻonada hokim oʻrinbosari 8 ming dollar bilan ushlandi
U 2,4 sotix yer maydonini bir fuqaroga mulk huquqi asosida oʻtkazib berishni vaʼda qilgan. Namanganda esa ikki hokim yordamchisi qoʻlga olindi.

Hokimlik idoralari faoliyatida korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departmenti tomonidan Fargʻona viloyatida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Bogʻdod tuman hokim oʻrinbosari 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Beshariq tumanida yashovchi fuqaro tomonidan “elektron onlayn auksion” savdo platformasi orqali ijara huquqi asosida yutib olingan 2,4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida oʻtkazib berishni vaʼda qilgan.
Namangan shaxar hokimining mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha yordamchisi mazkur mahalladagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar sifatida foydalanib turish va bir yildan soʻng yer toifasi karorini turar-joy toifasiga oʻzgartirib berishni vaʼda qilib, buning evaziga fuqarodan 6 000 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xuddi shunday holat, Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birida ham kuzatildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida boʻlgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 000 AQSh dollarini talab qilib, oldindan 6 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.