Xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalariga 2 trln soʻm yoʻnaltiriladi
Mahallalarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati kengaytiriladi.

Xotin-qizlarning kasb-hunar oʻrganish imkoniyatlari kengaytiriladi.
“Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–240-son, 03.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
- mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (Markazlar) faoliyatini kengaytirish;
- 2026–2027 yillarda “HAMROH” xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash kompaniyasi” MChJ (Kompaniya) tomonidan:
- 6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 2 trln soʻm yoʻnaltirish;
- 2,8 ming nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish;
- 2 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik qilish asosida koʻmaklashish.
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tashkil etilgan Markazlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish kabi faoliyatlarni tashkil etish uchun ijaraga beriladi.
2026 yil 1 yanvardan “NAMRON” tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi (Dastur) doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qoʻshimcha instrumentlar joriy etiladi:
- tijorat banklari tomonidan taʼsischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi boʻlgan kichik va oʻrta tadbirkorlik subʼektlarining kamida 10 ta ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha BHMning 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratish;
“Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha boʻlgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etish.
Dastur doirasida:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mazkur Farmonda nazarda tutilgan mablagʻlarni Kompaniyaga yoʻnaltirish uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga Markaziy bankning asosiy stavkasida 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratadi;
Kompaniya kreditlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlarni tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkagacha 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yildan oshmagan muddatga joylashtiradi.