platina.uz
Jamiyat

Sirdaryoda "Sultonhovuz" suv ombori qurilishi boshlanadi

Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati paydo boʻladi. 

Sirdaryoda "Sultonhovuz" suv ombori qurilishi boshlanadi

Sirdaryo viloyatida 287 ming gektar suvli, 16,5 ming gektar yaylov va oʻrmon yerlari bor.

Joriy yil Mirzaobod, Xovos va Sardobadagi 16 ming gektar choʻl yerlar foydalanishga kiritilib, yarmiga yangi texnologiya asosida paxta ekilgani uchun gektaridan 60 sentnergacha hosil olindi.

Xitoylik investorlar 50 million dollar hisobiga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30-40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sugʻorish orqali foydalanishga kiritishni boshlab yubordi. Kelasi yil bu yerlarda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi.

Buning natijasida shuncha gektar kam hosilli paxta va gʻalla dalasini qisqartirilib, oʻrnida ozuqa ekinlarini joylashtirishga ruxsat beriladi.

Xitoyning Shimoliy-gʻarbiy agrar universiteti, Yanlin yuqori texnologiyalar zonasi bilan hamkorlikda Sirdaryoda qishloq xoʻjaligi urugʻchiligi boʻyicha ilmiy-innovatsion markaz ishini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Sirdaryo viloyatida joriy yil 10 ming gektarda asosiy ekin sifatida sholi yetishtirilib, 53 ming tonna hosil olindi.

Bu yaxshi koʻrsatkich boʻlsa-da, suvni tejash masalasi ham muhimligi qayd etildi.

Boyovutlik fermer tomchilab sugʻorishni yoʻlga qoʻyib, gʻalladan boʻshagan 23 gektar yerda takroriy ekinga 8 gektarida sholi, yana 15 gektarida esa paxta ekib, gektaridan 5-6 tonna hosil oldi. Eng muhimi, suv sarfi 10 barobar kamaydi.

Shu bois, sholi yetishtiriladigan 8 ta tuman hokimlariga har yili kamida 2 ming gektar sholi maydonini tomchilatib sugʻorishga oʻtkazish topshirildi.

Ekin yerlarida suv taʼminotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sigʻimi 100 million kub metr boʻlgan “Sultonhovuz” suv omborining qurilishi boshlanadi.

Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasi qoʻyildi.

Viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va oʻrta darajada shoʻrlangan. Shoʻrlangan yerlarni sogʻlomlashtirish boʻyicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan oʻtkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga suv hisobini yuritish boʻyicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid