Prezidentning Sirdaryo viloyatiga tashrifi boshlandi
Shavkat Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida boʻldi. Bu korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi boʻldi.
Mazkur korxona mamlakatimizda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga toʻgʻri keladi.
Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar toʻgʻridan-toʻgʻri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga toʻliq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.
Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq boʻlib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Korxona yiliga 135 milliard soʻmlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini koʻrsatadi.
Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona koʻz-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.
Davlatimiz rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida maʼlumot berildi.
Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi inʼeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ish oʻrinlarining soni mingtagacha oshiriladi.
Prezidentimiz shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.

Iqtisodiyot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, yoshlar tarbiyasi va hududning kelajagiga oid muhim masalalar yuzasidan ochiq suhbat boʻldi. Davlatimiz rahbari odamlardagi tashabbuskorlik islohotlar samarasini oshirishda hal qiluvchi omil ekanini taʼkidladi.
– Oʻzgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda boʻlib, yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishingiz zarur. Hammamiz uygʻoq va faol boʻlsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida boʻldi.
Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan shu korxona hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha boʻlgan koʻplab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga oʻz vaqtida yetkazilishiga bevosita taʼsir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini taʼminlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.
“Invest Asia” korxonasining yana bir muhim jihati uning mamlakatda bioaksal yoʻnaltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri boʻlib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi.
Joriy yilning oʻn oyida korxonada 1,9 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlangan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSh kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.
Prezidentimiz korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – notoʻqima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi.
Barcha loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, ish oʻrinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot oʻtkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan, albatta, qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi.
Investorlar mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy koʻmak uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.