Nomad TV: Qirgʻizistonda ochilgan yangi telekanal ortida qanday axborot strategiyasi yotibdi?
Rossiyada hozir pashsha ham Kremldan ruxsat soʻrab uchishini hisobga olsak, axborot maydonida bunday gaplar shunchaki aljirash emas, balki bizni kutib turgan dahshatli rejalarga ishora va tahdid boʻlishi mumkin.

2025 yil noyabr oyida Qirgʻizistonda Nomad TV telekanali ishga tushirilishi ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy xavotir uygʻotdi. Bu telekanal – oddiy media-loyiha emas, balki Kremlning Markaziy Osiyo axborot maydoniga, qariyb 80 million kishilik auditoriyaga taʼsir koʻrsatish, ijtimoiy fikrni Moskvaga moyil tarzda oʻzgartirish uchun yaratilgan, qabilidagi taxminlar bildirilmoqda.
Rostan ham shundaymi? Yana bir OAV paydo boʻlishi soʻz erkinligini taʼminlashga xizmat qilmaydimi?
Nomad TV haqida maʼlum asosiy faktlar
2025 yil 23 noyabr kuni Nomad TV Bishkekda rasman efirga chiqdi. Bu Qirgʻiziston-Rossiya qoʻshma loyihasi boʻlib, Qirgʻiziston davlat OAVlari bilan hamkorlik qiladi va asosan Rossiyaning NTV kanalidan olingan dasturlarni qayta tarqatadi. Asosiy efir tili – rus tili, lekin qirgʻizcha audiotrek ham beriladi. Ushbu telekanal signallari mamlakat aholisining taxminan 70 foizini qamrab olgan raqamli multipleks, shuningdek, kabel tarmoqlari orqali bepul taqdim etiladi.
Bir qarashda, mazkur telekanal – media-xizmatlar bozorini yanada boyitadi, aholining xolis axborotga va yangiliklarga boʻlgan talabini yaxshiroq qondirishga xizmat qiladi. Lekin, ruslarning oʻz maqolida aytilganidek, tekin pishloq faqat qopqonda boʻladi. Rossiyaning oʻzi iqtisodiy muammolar girdobida choʻkayetgan bir paytda mazkur loyiha uchun choʻntak kavlashi oʻta shubhali. “Nomad TV”ning boshqaruvi, tarkibiy shakli, tuzilmasi va kadrlarni saralash hamda oʻqitish uslublari haqidagi maʼlumotlar uning xolis axborot manbai ekanini shubha ostiga qoʻyadi
Kanalning strukturasi: propaganda belgilari
- Rossiyaga bogʻliq boshqaruv
“Nomad TV”ning bosh prodyuseri Anna Abakumova – avval RT (Russia Today) kanalining jurnalisti boʻlgan, Margarita Simonyanga yaqin shaxs sifatida tanilgan. Uning urush davrida Mariupol kabi Rossiya okkupatsiya qilgan hududlardan bergan reportajlari Rossiya hukumati tomonidan taqdirlangan.
- Mahalliy jurnalistlarni “oʻz” kadrlariga almashtirish
Kanalga Qirgʻistonning UTRK va boshqa mahalliy OAVlarida ishlagan jurnalistlar oʻtgani xabar qilingan. Ularga mahalliy meʼyorlardan yuqoriroq maosh va ishlash sharoitlari taklif qilingani aytilmoqda.
Shu bilan birga, kanal universitetlar bilan hamkorlik va maxsus media-treninglar tashkil etishini maʼlum qilgan. Bir necha qirgʻiz jurnalistlari hozirgacha Rossiyada treninglarda qatnashib kelgan.
- Rossiya tomonidan moliyalashtirish borasidagi taxminlar
Kanalning faoliyati Rossiyada tashkil etilgan “Yevraziya” jamgʻarmasi bilan bogʻlangan. Bu jamgʻarmaning kuzatuvchilar kengashida Margarita Simonyan va Rossiyada yashovchi, Moldovada iqtisodiy va firibgarlik jinoyatlarida ayblangan, keyin esa Rossiyaga qochib kelib, fuqarolik olgan moliyachi Ilan Shor kabi shaxslar bor. Bunday omillar “Nomad TV” Rossiya media-elitalariga institutsional jihatdan bogʻliq ekanini koʻrsatadi.
Nega Kremlga Qirgʻizistonda yangi telekanal ochish kerak boʻlib qoldi?
Ukrainadagi urushdan keyin Rossiyaning xalqaro axborot taʼsiri zaiflashdi. Bir qator yirik internet-media platformalari Rossiya propagandasini tarqatuvchi kanal va profillarni bloklab qoʻydi. Qolaversa, Rossiya agressiv tashqi siyosati bois Gruziya, Moldova, Armaniston va Ozarbayjon Gʻarb tomon yuzlanmoqda. Buning ustiga Markaziy Osiye davlatlari ham tashqi hamkorlarni diversifikatsiya qilmoqda. Bu kabi omillar Rossiyani tashvishga solgani tabiiy. Moskva MOni ham oʻz siyosiy va axborot taʼsiridan chiqishidan qoʻrqib ketgan koʻrinadi.
Toʻgʻri, MOda "Sputnik" kabi asl sohibi yashirilmaydigan axborot manbalari mavjud. Internetda va efirda Rossiya OAVlari bemalol faoliyat yurityapti. Biroq ularning samarasi kutilgan darajada boʻlmagani bois, Moskva endi boltaning sopini oʻzidan chiqarishga – mahalliyOAV niqobida namoyon boʻlib, qoʻy terisini yopingan boʻri kabi maydonga tushmoqchi shekili. Kezi kelganda aytish joiz, Rossiya hatto boltaning sopini oʻzidan chiqarishni ham qoyil qilmaydi – bunga Moskvaning buyuk davlatchilik va millatchilik shovinizmi, boshqalarga bepisand munosabati xalaqit beryapti. Chunki hozircha axborotlar rus tilida berilmoqda. "Mening targʻibotim sirtmogʻiga ilinishing uchun avval rus tilini ӯrgan", deyishyapti, goʻye. Bu xuddi osishga hukm qilingan odamga "arqonni oʻzing sotib ol", deyish bilan barobar.
Nima bӯlganda ham, “Nomad TV” orqali Moskva oʻz mediakontentini “mahalliylashtirish”ga urinmoqda. Yana bir qiziq jihat – Nomad TV telekanali 2025 yil 30 noyabrdagi Qirgʻiziston parlament saylovlari oldidan ishga tushdi – aynan shunday vaqt tanlangani ham tasodifiy emas. Mahalliy jurnalistlar ishtirokida qirgʻizcha va ruscha efirga uzatilishi – mazkur telekanalning “ӯzimizniki” deya qabul qilinishiga xizmat qilishi mumkin. Qisqasi, ushbu OAVga – Rossiyaning media-taʼsir strategiyasini qayta qurish va uni mintaqaviy shaklga oʻtkazish usuli deya qarash xato bӯlmaydi.

Bundanam qizigʻi, ochilganiga hech qancha boʻlmay, ushbu telekanal Rossiya prezidenti Vladimir Putindan toʻgʻridan-toʻgʻri intervyu olishga ham “erishdi”.
Xavotirlar va oqibatlar
Nomad TVga katta mablagʻ va imkoniyat berilayotgani, Moskvaning bu loyihadan umidi katta ekanini, faqat shu qadam va faqat Qirgʻiziston bilan cheklanib qolmasligini anglatadi. Uning raqobatda ustun chiqishi va mahalliy, moliyaviy imkoniyati kam OAVlarning "bozorini kasod" qilishi aniq. Natijada mintaqada axborot mustaqilligi susayadi. Media-plyuralizm kuchsizlanadi. Kanal propagandaga yoʻnalgan va bir tomonlama, yaʼni noxolis va chalgʻituvchi axborot manbai boʻlishi mumkin.
Dengizda bir parazit mavjudot yashaydi. U baliqning jabrasi orqali kirib olib, baliq tilini qon bilan taʼminlovchi tomirlarga ulanadi va ozuqalarni soʻra boshlaydi. Oziqsiz qolgan baliq tili qurib tushib ketadi. Haligi parazit esa til oʻrnini egallaydi. Bugun “Nomad TV” ana shu parazit kabi tilimizni – OAVlarimizni yulib olib, oʻrnini egallamokchidek tuyulmoqda. Bizni baliqdek indamaydi deb oʻylayapti, shekilli.
Qolaversa, “Nomad TV” kabi loyihalar mahalliy ijtimoiy fikrga, pirovardida esa saylov jarayonlariga taʼsirni kuchaytiradi. Uning efiri siyosiy kayfiyatlarni boshqarish uchun qoʻllanilishi mumkin. Demakki, Moskva mahalliy elita va boshqaruvni ӯziga moyil shaxslarga almashtirish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Yana gap kelganida aytish joiz, S5+1 voqealaridan jazavaga tushgan bir rus "siyosatchisi" Rossiyaning Pravda.ru nashriga bergan intervyusida "MO davlatlari elitasi Gʻarb bilan yaqinlashib, Rossiyaga va oʻz xalqlariga xiyonat qildi. Biz bu davlatlarning xoin rahbarlarini vatanparvar shaxslar bilan almashtiramiz. Avval xalqqa haqiqatni tushuntiramiz... Ukraina urushida qatnashgan MO fuqarolari oʻz yurtlariga qaytib borishadi va bizga yordam berishadi", deya aljiragan edi. Rossiyada hozir pashsha ham Kremldan ruxsat soʻrab uchishini hisobga olsak, bu shunchaki aljirash emas, balki bizni kutib turgan dahshatli rejalarga ishora va tahdid boʻlishi mumkin.
“Nomad TV” kabi media loyihalar ish koʻlami kengaysa, alal-oqibat Rossiyaga siyosiy-madaniy qaramlik kuchayadi. Axborot oqimi Rossiyaga maqbul tushuncha va yoʻnalishlarni shakllantiradi.
Xulosa
Gapning indallosini aytganda, “Nomad TV” – oddiy telekanal emas. Uning boshqaruvi, kadrlar siyosati, moliyaviy manbalari va efir yoʻnalishi Rossiya geosiyosiy manfaatlariga mos keladi. Bu Qirgʻiziston va umuman Markaziy Osiyo axborot xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Mavjud maʼlumotlarni tahlil qilish “Nomad TV” Rossiyaning "yumshoq kuch" siyosatini kuchaytirishga qaratilgan mexanizm ekanini koʻrsatadi. Katta ehtimol bilan, yaqin istiqbolda “Nomad TV”ning mintaqaga taʼsiri ortadi, MOning qolgan davlatlarida ham oʻxshash loyihalar ish boshlaydi. Bu loyihalar ijtimoiy fikrga taʼsir etuvchi kuchli media-quvvatga aylanadi, saylov jarayonida muhim rol oʻynaydi. Hatto ehtimoliy davlat toʻntarishlari uchun zamin hozirlashi mumkin.
...Bugungi kunlarimiz xuddi Rossiyaning Qoʻqon xonligini istilo qilishni boshlagan kunlarni eslatadi. Oʻshanda Qoʻqon xoniga "Oʻris lashkari Oqmachitni olibdi", deya xabar keltirishsa, xon beparvolarcha "Uzoqdagi bir joy ekan, vahimaga hojat yӯq" qabilida javob bergan ekan.
Bugun Oqmachit ӯrnida Qirgʻistondagi “Nomad TV” turibdi.
Abulfayz Sayidasqarov