Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Prezident tomonidan Gulistonda oʻtkazilayotgan yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi.

Prezident tomonidan oʻtkazilayotgan yigʻilishda Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
“Xalqimiz yaxshi yashasin, farzandlari zamonaviy bilim va kasb egallasin, daromadi koʻpaysin deb harakat qilyapmiz. Men aminman, yana bir-ikki yil qattiq izlansak, Sirdaryoda juda katta oʻsish, rivojlanish boʻladi.
Viloyatda mana shunday ishlarni tashkil qilish uchun qatʼiyatli, talabchan, eng asosiysi, aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga tezkor yechim topadigan salohiyatli rahbar kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi.
Prezident aholi va tadbirkorlarning fikrini oʻrganib, Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimovni tavsiya etishga qaror qilganini qayd etdi.
Viloyat faollarining fikrlari tinglanib, hokimni tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Hokim Sirdaryoni rivojlantirish boʻyicha rejalarini hayotga, aholi turmush tarziga koʻchirib, viloyatni eng ilgʻor hududlardan biriga aylantirish uchun kelasi yil viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 185 ming odamni band qilish boʻyicha qattiq ishlashi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Eslatib oʻtamiz, Turdimov 2025 yil yanvarda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi boʻlgandi.