platina.uz
Jamiyat

Energetika vazirligi va “Hududgaztaʼminot” AJ oʻz nomidan taqdim etgan ilova aslida xususiy loyiha boʻlib chiqdi

Bir yil avval vazirlik va “Hududgaztaʼminot” oʻz nomidan eʼlon qilgan aholi isteʼmolchilarining tabiiy gaz sarfi va xarajatlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi mobil ilova aslida ikki tashkilotga ham aloqasi yoʻqligi oshkor boʻldi.

Energetika vazirligi va “Hududgaztaʼminot” AJ oʻz nomidan taqdim etgan ilova aslida xususiy loyiha boʻlib chiqdi

2024 yil 20 noyabrda Energetika vazirligi oʻzining rasmiy telegram kanali orqali goʻyoki isteʼmolchilarning takliflarini inobatga olib, vazirlik va “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan aholi isteʼmolchilarining tabiiy gaz sarfi va xarajatlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Hudud Gaz Taʼminot” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirilganini maʼlum qilgan.

Xuddi shu mazmundagi eʼlonni “Hududgaztaʼminot” AJ ham oʻzining rasmiy telegram kanalida joylashtirgan.

"Mazkur ilova orqali isteʼmolchilar bevosita kunlik va oylik kesimida tabiiy gaz isteʼmolini kuzatib borish, xususan, gaz hisob raqamlariga toʻlov qilish hamda suyultirilgan gaz isteʼmolchilari oʻz hisoblarini toʻldirish va biriktirilgan ballonlar roʻyxatini koʻrib borish imkoniyatiga ega boʻladilar", deyilgandi kompaniya xabarida.

2025 yil dekabr oyiga kelib, bu loyihaga Energetika vazirligining ham, “Hududgaztaʼminot” AJning ham hech qanday aloqasi yoʻqligi, aslida mazkur ilova xususiy ekani hamda buni tadbirkor Alisher Tojiyev jamoasi ishlab chiqqani oshkor boʻldi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri HGT ilovasida oʻtgan oy isteʼmoli haqidagi maʼlumotni olish uchun nega pul toʻlashi kerakligi haqida savol qoldirgan. Ushbu savolga tadbirkor Alisher Tojiyev javob bergan.

“Chunki bu maʼlumotlarni toʻplash va ishlov berish uchun server resursi hamda Data sotib olish resursiga 300 mln soʻm sarflaymiz. Bundan tashqari, oyliklarimiz bor, biz ham odammiz. Nimadandir pul topmasak, yopilib ketamiz axir”, deb javob bergan u.

Alisher Tojiyevning bu javobidan soʻng, tarmoq faollari bir qator savollarni oʻrtaga tashladi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov HGT ilovasi IT-investor Alisher Tojiyevning yuqoridagi izohidan kelib chiqib, bu xususiy loyiha, degan xulosaga kelgan va Energetika vazirligi bir yil avval ushbu ilovani oʻz nomidan taqdim etganiga eʼtibor qaratgan.

"HGT ilovasining Energetika vazirligiga aloqasi bormi yo yoʻqmi? Loyiha kimniki oʻzi va kim tomonidan moliyalashtirilgan? Ilova Energetika vazirliginiki boʻlmasa, nega oʻz nomidan taqdim etgan?

Yana savol, nimaga va nima uchun haligacha axborot va data barcha talabgorlarga Open API tarzida berilmaydi, qoʻpol qilib aytganda, nima uchun isteʼmolchilar gaz sarfi maʼlumotlarini faqat HGT ilovasidan olishlari kerak? HGT xususiy loyiha boʻlsa, uning Energetika vazirligi bilan nima bogʻlab turadi (kim buyurtmachi, kim hamkor, kim pudratchi)?" deb yozgan iqtisodchi.

Koʻplab muhokamalardan soʻng IT-investor Alisher Tojiyev ochiq qolgan savollarga javob berdi.

"Loyiha 100% menga tegishli, oʻz mablagʻlarim hisobidan ishlab chiqqanman va hozirgacha oʻz hisobimdan xarajatlarni yopib kelaman (loyiha haliyam minusda, har oy zarar keltiradi). HGT loyihasini yaratish uchun davlat byudjeti mablagʻlari sarflanmagan.

Unda nega loyiha haqida Energetika vazirligi va "Hududgaztaʼminot" AJ oʻz kanalida yozib chiqqan edi? Gap shundaki, loyihani yaratganimdan soʻng uni tegishli tashkilotlarga taqdimot qilib berganman. Ochigʻini yashirmasdan aytaman, maqsadim davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash boʻlgan. Ammo qonuniy tomondan yoʻli topilmagani sababli ushbu taklifimni rad etishgan. Shunday boʻlsa-da, loyiha taqdimotim Energetika vazirligi rahbariyati hamda "Hududgaztaʼminot" AJ masʼullariga maʼqul kelgan va ular loyihamizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini, jumladan, targʻibotiga ham yordam berishlarini aytishgan", - deb yozgan Alisher Tojiyev.

Maʼlumot uchun, yaqinda HGT startapi AKFA GROUP'dan 1 mln AQSh dollari, AloqaVentures venchur fondidan esa 50 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid