Chegaradan 1kgdan oshiq oltinni noqonuniy olib oʻtgan shaxs ushlandi
Metallning taxminiy qiymati 1,1 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

DXX Chegara qoʻshinlari va Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Kosonsoy tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda qoʻshni Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali Oʻzbekistonga qonunga hilof ravishda olib oʻtilgan koʻp miqdordagi qimmatbaho metal savdosiga chek qoʻyildi.
Hususan, Kosonsoy tumanida yashovchi, 1996 y.t. fuqaro togʻasi 1988 y.t. shaxsning koʻrsatmasiga asosan davlat chegarasini noqonuniy tarzda kesib oʻtib, Qirgʻiz Respublikasidan mamlakatimiz hududiga taxminiy summasi 1,1 mlrd. soʻm boʻlgan umumiy ogʻirligi 1 kg 168 gr miqdoridagi oltin quymasi parchalarini olib kirgani haqida tezkor maʼlumot olindi.
Hamkorlikdagi tadbir davomida u oltinlarni ushbu tumanda yashovchi, boshqa bir qarindoshiga yetkazib bergan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Natijada, ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 223-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.