11 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlari aniqlandi
Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining 8 mlrd soʻmlik savdolarida raqobat boʻyicha qonunlarga amal qilinmagan.

11,2 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasining hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida monitoring va kelib tushgan murojaatlarni oʻrganishlar olib borilgan. Natijada aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli taʼsir choralari koʻrib kelinmoqda.
Xususan:
Buxoro viloyati misolida
- Buxoro shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 1 ta 500 mln soʻmdan ortiq;
Fargʻona viloyati misolida
- Fargʻona viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasining 6 ta 8 mlrd soʻmga yaqin;
Jizzax viloyati misolida
- Gʻallaorol tuman Agrotexnologiya texnikumining 1 ta 140 mln soʻmga yaqin;
- Paxtakor tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 4 ta 766 mln soʻmlik;
- Doʻstlik tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 1 ta 17 mln soʻmga yaqin;
Navoiy viloyati misolida
- Xatirchi tumani tibbiyot birlashmasining 7 ta 1,7 mlrd soʻmga yaqin;
- Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialining 1 ta 100 mln soʻmlik;
-eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarini oʻrganish natijasida Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, yaʼni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.
Davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash hamda raqobat uchun teng imkoniyatlarni yaratish Raqobat qoʻmitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi reklama qonunchiligini buzgan MChJni jarimaga tortgandi.
“Ozone Fitness” MChJ tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul (notoʻgʻri) reklama-axborotlari joylashtirilganligi aniqlangan.