Yevropa diplomatiyasining sobiq rahbari qoʻlga olindi
Federika Mogerini mazkur lavozimda 2014-2019 yillarda ishlagan, avval Italiya tashqi ishlar vaziri ham boʻlgan.

Yevropa diplomatiyasining sobiq rahbari, Yevrokomissiya yetakchisining sobiq oʻrinbosari Federika Mogerini firibgarlik ishi boʻyicha qoʻlga olindi.
Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha sobiq oliy vakili, hozirda Yevropa kolleji rektori (2020 yildan buyon) Federika Mogerini Belgiyada hibsga olindi.
Ish YeI tomonidan moliyalashtiriladigan yosh diplomatlarni tayyorlash dasturiga aloqador. Gap 2021-2022 yillarda Yevropa kollejiga berilgan oʻquv dasturini oʻtkazish tenderiga taalluqli. Taʼkidlanishicha, ish doirasida "korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi va kasb sirini buzish" holatlari tekshirilmoqda.
Euronewsʼga koʻra, jami uch nafar gumonlanuvchi qoʻlga olingan. Ular orasida Mogerinidan tashqari Stefano Sannino (italiyalik diplomat va Yevropa tashqi aloqalar xizmatining sobiq bosh kotibi) ham bor. Uchinchi qoʻlga olingan shaxs Yevropa kollejining menejeri deyilmoqda.
Federika Mogerini mazkur lavozimda 2014-2019 yillarda ishlagan, Italiya tashqi ishlar vaziri ham boʻlgan. Undan soʻng Jozef Borrel mmazkur lavozimga kelgandi.
Belgiya politsiyasi ish boʻyicha izoh berishdan bosh tortgan.