Tramp Bayden elektron imzo bilan tasdiqlagan barcha afv hujjatlarini bekor qilmoqchi
U sobiq prezidentning ruhiy holati yaxshi boʻlmaganini, baʼzi qarorlarni Bayden emas, balki uning yordamchilari qabul qilganini daʼvo qilgan.

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp sobiq prezident Jo Bayden elektron imzo bilan tasdiqlagan barcha afv hujjatlarini bekor qilmoqchi.
Tramp Baydenning ruhiy holati yaxshi emasligini, baʼzi qarorlarni u emas, balki uning yordamchilari qabul qilganini daʼvo qilmoqda.
Trampning aytishicha, u oʻzidan avvalgi prezident Jo Bayden avtopen (avtomatik imzo qurilmasi) yordamida imzolagan barcha hujjatlarni, jumladan afvlarni, bekor qilmoqda. Huquq ekspertlari esa bunday qaror sudda kuchga ega boʻlishiga shubha bildirmoqda.
Avtopen — bu inson imzosini aniq tarzda takrorlaydigan qurilma boʻlib, odatda katta hajmdagi yoki rasmiy-hujjatlar uchun qoʻllanadi. Uni AQShda ikki yirik siyosiy partiya prezidentlari ham yillar davomida maktublar va farmonlarni imzolashda ishlatib kelgan.
Tramp va uning tarafdorlari Baydenning prezidentlik davrida avtopen qurilmasidan foydalanishi uning hujjatlarini gʻayriqonuniy qilib qoʻygan yoki Bayden bu hujjatlardan toʻliq xabardor boʻlmagan degan asossiz daʼvolarni ilgari surmoqda. Bayden afv farmonlarini imzolashda avtopen ishlatganmi yoki yoʻq, bu hali aniq emas.
Tramp Truth Social tarmogʻida shunday yozdi: “Kimki avtopen orqali imzolangan afv, jazoni yengillashtirish yoki boshqa har qanday yuridik hujjat olgan boʻlsa, bilingki, bu hujjat toʻliq bekor qilinadi va hech qanday yuridik kuchga ega emas”.
Sent-Tomas universiteti Huquq fakulteti professori Mark Osler:
“Prezident avvalgi rahbarning afvlarini bekor qila olishi mumkinligi haqida fikr shu paytgacha hech kimdan chiqmagandi” — dedi.
Stenford Huquq maktabi professori Bernadet Meyler esa: “Trampning avtopen ishlatilgani uchun afvlarni bekor qilishi haqidagi daʼvosining hech qanday konstitutsiyaviy yoki yuridik asosi yoʻq” — dedi.
Michigan shtati universiteti professori Brayan Kalt esa elektron pochta orqali shunday izoh berdi:
“Maʼmuriyat avflarning haqiqiyligini faqat sudga daʼvo kiritish orqali bekor qilishi mumkin. Sud ularni haqiqiy emas deb topishi uchun, Bayden ularni oʻzi tasdiqlamaganini isbotlashi kerak boʻladi”.
Bayden tarafidan izoh berilmadi. Bayden prezidentlik muddatining oxirlarida, jumladan, siyosiy taʼqiblardan himoya qilmoqchi boʻlgan ayrim oila aʼzolarini ham afv etgan. U, shuningdek, narkotik bilan bogʻliq jinoyat sodir etgan tartibli jinoyatchilarni ham jazolarini yengillashtirgan.
Tramp esa, odatdagidek keskin siyosiy uslubi bilan, Baydenning avtopen orqali hujjatlarni imzolaganini koʻp bora tanqid qilgan. Trump Baydenning ruhiy holati yaxshi emasligini, baʼzi qarorlarni Bayden emas, balki uning yordamchilari qabul qilganini daʼvo qilgan. Bayden va uning sobiq yordamchilari bu ayblovlarni rad etgan.
Oʻtgan hafta Tramp AQShGA tonnalab kokain olib kirishga til biriktirishda ayblanib, sudlangan sobiq Gonduras prezidenti Xuan Orlando Ernandesni avf qildi. Tramp bunga hech qanday dalil keltirmagan holda, Ernandes Bayden maʼmuriyati tomonidan “siyosiy oʻyin” qurboni boʻlganini aytdi.