platina.uz
Jamiyat

Toshkentda yagona yoʻl harakatini tashkil etish markazi tuziladi

Poytaxt hokimi davlat rahbariga ushbu masala boʻyicha taqdimot qildi.

Toshkentda yagona yoʻl harakatini tashkil etish markazi tuziladi

Toshkent shahrida yagona yoʻl harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif etildi. Toshkent shahar hokimi Prezidentga taqdimot qildi.

Qayd etilishicha, markaz transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish hamda boshqarish, transport master-rejasi va karkasini ishlab chiqish va joriy qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish, individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni ragʻbatlantirish kabi vazifalar bilan shugʻullanadi.

"Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yigʻilgan maʼlumotlarni, xususan, sunʼiy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda oʻzgartirish, yoʻl-transport hodisalari roʻy bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega boʻladi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tizimning joriy qilinishi natijasida yoʻllarda transport harakatining oʻrtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yoʻllardagi tirbandliklar hamda yoʻl-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.

Prezident pilot loyihani joriy yilning oʻzidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030 yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.

Taqdimotda poytaxtda avtobuslar parki ikki barobarga kengaytirilib, ularning umumiy soni 1,9 mingtaga yaqinlashdi, qatnov intervali 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqargani aytilgan. Avtobuslardan foydalanuvchilarning soni kunlik 1,4 million nafarga yetgan.

Yerosti va yerusti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazilib, bekatlar soni 29 tadan 50 tagacha oshgan. Metro bir kunda 900 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.

Shahar koʻchalarida harakatni tashkil etishning texnik ishlari koʻlami kengayib, 2870 ta belgi almashtirilgan, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor oʻrnatilgan.

Shu bilan birga, aholi va transport vositalari sonining oʻsishi, shahardagi iqtisodiy jarayonlar natijasida yoʻl infratuzilmasiga yuklama keskin ortmoqda. Poytaxtning asosiy transport yoʻlaklariga bosim 2 barobar koʻpaygani, keyingi yillardagi 7-8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangani koʻrsatib oʻtildi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid