Shahrixon tumani hokimiga hayfsan berildi
Tarmoqda tumandagi umumiy ovqatlanish obʼektlaridagi tandirlar buzib tashlangani tasvirlari tarqalgandi.

Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonovga hayfsan jazosi qoʻllanildi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrixon tumanida havo ifloslanishini oldini olish hamda ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan reyd tadbirlari oʻtkazilgan.
Reydda tuman hokimining koʻrsatmasi bilan umumiy ovqatlanish obʼektlaridagi tandirlarga zarar yetkazilgan.
Ushbu holat zudlik bilan oʻrganilib, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi sifatida hayfsan berildi, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Bunday holatlarni takrorlamaslik borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shahrixon tumani hokimligi eʼlon qilgan reyd haqida post oʻchirilgan.