platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryoda byudjetdan 41 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ajratildi

Harbiy-maʼmuriy sektor jamgʻarmasiga 5 mlrd soʻm beriladi. Respublika byudjeti oldidagi ssuda qarzdorligini qoplashga 15,7 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi. 

Qashqadaryoda byudjetdan 41 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ajratildi

Qashqadaryoda byudjetdan 41 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ajratildi.

Viloyatda oshirib bajarilgan byudjet daromadlaridan 41,4 mlrd soʻm qayta taqsimlanadi. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarorida aytiladi. Hujjat 2025 yil 2 dekabrda eʼlon qilingan.

Pullar mahalliy byudjetning 2025 yil III chorakda oshirib bajarilgan daromadlari hisobidan turli yoʻnalishlardagi loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Kengash qaroriga koʻra, mablagʻlar tibbiyot, taʼlim, infratuzilma, yoshlar siyosati, raqamlashtirish, sport, suv xoʻjaligi, ijtimoiy obʼektlar va boshqa dolzarb yoʻnalishlarga taqsimlanadi.

Tibbiyotga ajratmalar orasida Qarshi shahridagi 3-son oilaviy poliklinika rekonstruksiyasi uchun 1,45 mlrd soʻm, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi binosini taʼmirlash uchun 1,5 mlrd soʻm, shuningdek “Oʻpka salomatligi” mobil kompleksi uchun “Isuzu” mikroavtobusi xaridiga 350 mln soʻm mablagʻ koʻzda tutilgan.

Taʼlim va yoshlar boʻyicha Dehqonobod tumanida ikkita 60 oʻrinli DMTT binosini yakunlash uchun har biriga 1 mlrd soʻmdan ajratiladi. Kitob tumanidagi 82-maktab uchun yangi sport zal qurilishiga 587 mln soʻm, Qarshi va Yakkabogʻ tumanlarida yoshlar markazlarini yakunlash uchun har biriga 2 mlrd soʻmdan yoʻnaltiriladi.

Hududlar infratuzilmasi uchun ajratilayotgan mablagʻlar orasida Yakkabogʻ tumani obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish loyihalariga 2 mlrd soʻm, Shahrisabz shahriga 1 mlrd soʻm, Kitob tumani ichki yoʻllarini joriy taʼmirlashga 460 mln soʻm berilishi koʻzda tutilgan.

Tumandagi transformator xaridi boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun esa 546 mln soʻm yoʻnaltiriladi.

Suv xoʻjaligi obʼektlarida xavfsizlik boʻyicha geologik tadqiqotlar va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun yirik suv omborlari kesimida 542 mln soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanadi. Sport sohasida esa viloyat Kurash federatsiyasi xodimlari ish haqi (377,8 mln soʻm), OFA viloyat boʻlimining saqlash xarajatlari (180 mln soʻm) va “Barkamol avlod” sport musobaqalarini oʻtkazish (244,6 mln soʻm) moliyalashtirilad

Raqamlashtirish boʻyicha ham bir qator loyihalar tasdiqlangan: “Xalq nazorati” axborot tizimini ishga tushirish (197,7 mln soʻm), “Raqamli geoportal” va “Kommunal xatlov” tizimlari (593,2 mln soʻm), shuningdek age.qashqadaryo.uz axborot portalini yaratish (418 mln soʻm) shular jumlasidan. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston 24” bilan tuzilgan shartnoma summasini toʻlash uchun 500 mln soʻm, “Abu Muin Nasafiy” majmuasi xodimlari ish haqi uchun 126,1 mln soʻm ajratiladi.

Yirik moliyaviy bandlardan biri — respublika byudjeti oldidagi ssuda qarzdorligini qoplash boʻlib, buning uchun 15,744 mlrd soʻm yoʻnaltirilmoqda — bu umumiy paketning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi.

Shuningdek, “Temurbeklar maktabi” litseyi obʼektlarini yakunlash uchun 1 mlrd soʻm, viloyat IIBning “Tezkor boshqaruv markazi” uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish maqsadida 200 mln soʻm ajratilgan.

Qaror ijrosi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Qodirov, hokim oʻrinbosari M.Azizov va tegishli doimiy komissiya zimmasiga yuklatilgan. Hujjat qabul qilingan kundan kuchga kirishi belgilangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid