platina.uz
Maqola

Migratsiya agentligi qachon xalq uchun qaygʻuradi?

Bu tizimda chuqur islohotlar oʻtkazish, uning ishlash mexanizmi, moliyalashtirilishi va strukturasini qayta koʻrib chiqish kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylanmoqda.

Migratsiya agentligi qachon xalq uchun qaygʻuradi?
Fotokollaj: Platina.uz

Har bir mamlakat xorijda yurgan fuqarolarini himoyalashga harakat qiladi va bunga majbur ham. Mehnat muhojirlarining huquqlari bilan bogʻliq muammolar ular kelgan davlatlarning xalqaro nufuziga bevosita bogʻliq. Har bir mamlakatning xalqaro nufuzi – bu uning fuqarolarini qay darajada himoya qila olishining koʻrsatkichi vazifasini oʻtashi mumkin.

Munosabat yomonlashmoqda

Kuni kecha Rossiyaning “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” partiyasi rahbari Sergey Mironov mamlakatdagi migratsiya vaziyati keskin tus olganini va bu borada zudlik bilan qatʼiy choralar koʻrish lozimligini maʼlum qildi. Mironov “Rossiya 24” telekanalidagi chiqishida migrantlarga nisbatan siyosatni tubdan oʻzgartirishni nazarda tutuvchi uchta taklif berdi.

Mironovning taʼkidlashicha, ayrim hududlarda vaziyat shu darajaga yetganki, mahalliy aholi “oʻz urf-odatlari boʻyicha yashayotgan kelgindilar” bosimi ostida yashash joylarini tark etishga majbur boʻlmoqda. U migrantlarning Rossiya qonunlarini goʻyoki pisand qilmayotganini keskin tanqid qilar ekan, davlatni radikal qarorlar qabul etishga chaqirdi.

Birinchi taklif – amaldagi patent tizimidan voz kechib, toʻliq vaxta (rotatsiya) usuliga oʻtishdir. Unga koʻra, xorijlik ishchilar aholi yashaydigan hududlarda emas, balki bevosita qurilish yoki ishlab chiqarish obʼektlari qoshida tashkil etilgan yopiq hududlarda yashashi kerak.

Ikkinchi taklif – bu jamoaviy javobgarlik masalasidir. Mironov agar biror muhojir jinoyat sodir etsa, nafaqat oʻzini qonuniy jazolashni, balki uning Rossiyadagi barcha qarindoshlarini ham mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qildi.

Uchinchi taklif esa Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish gʻoyasi ilgari surildi. Mironovning fikricha, hozirgi katta oqimning faqat oz qismi haqiqiy ishchilar boʻlib, qolganlari “shaxsiy yoki oilaviy sabablar” bilan kelib, Rossiya ijtimoiy tizimiga ortiqcha yuk boʻlmoqda.

Rossiyadagi bugungi ahvol

Markaziy Osiyo davlatlarining mehnat muhojirlari asosan Rossiyani tanlashadi. 2024 yilda bu yerda 3,3 millionga yaqin markaziy osiyolik mehnat muhojirlari borligi aytilgan. Bu qatlamning deyarli yarmini oʻzbekistonliklar tashkil etadi.

“Rosstat” maʼlumotlariga koʻra, Rossiyada 2 milliondan ortiq oʻzbek mehnat migrantlari bor. Oʻzbekistonda maoshdan qoniqmaslik va ish oʻrinlari yetarli emasligi millionlab odamlarni chetga chiqishga majbur qilmoqda. Ular asosan qurilish, servis, oziq-ovqat sanoati va transport sohalarida ishlaydi. Oʻzbekistonga xorijdan pul joʻnatmalarining 78 foizi ham Rossiyadagi muhojirlarimiz hisobiga toʻgʻri keladi. Bu yilgi joʻnatmalar 27 foizga oʻsgan boʻlib, faqatgina ilk 6 oyda 8 milliard dollarni tashkil etgan.

Rossiya oxirgi paytlarda mehnat muhojirlari uchun talab va shartlarini tobora qiyinlashtirayotganiga, ularga munosabat ham xalq, ham hukumat darajasida tobora shovinistik va diskriminatsion tus olayotganiga qaramasdan, baribir migrantlar oqimi toʻxtamayapti. Chunki Rossiya nisbatan yaqin, tajribadan oʻtgan va yoʻlga qoʻyilgan yoʻnalish. Qolaversa, tanish-bilishlar tavsiya qiladi, rus tilini biladiganlar koʻpchilikni tashkil etadi.

Vaziyat yomonlashmoqda

Ayni kunlarda Rossiyadagi millatchi aholi va mansabdor shaxslarning migrantlarni odam oʻrnida koʻrmasligi, haqorat qilishi, kaltaklashi va oʻldirishi tobora koʻproq uchramoqda. Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari esa koʻpincha bu kabi holatlarga panja orasidan qaraydi. Mabodo jinoyat ishi ochilsa-da, milliy adovat emas, maishiy janjal sifatida malakalanadi. Hatto soʻnggi paytlarda politsiyaning oʻzi ham migrantlar bilan munosabatda haqorat va mushtumzoʻrlikni ishga solmoqda. Migrantlar ishlaydigan va yashaydigan hududlarga sababsiz va qonunsiz reydlar uyushtirib, ularning huquqlarini poymol qilmoqda.

Shuningdek, Markaziy Osiyo fuqarolarini Ukrainadagi urushga jalb etish ham faollashgan. Bu frontda oʻzbekistonliklar eng koʻp yollangan (2000dan ziyod) va halok boʻlgan (500 kishi atrofida) xorijiy fuqarolar orasida birinchi oʻrinda turibdi.

Bunday holatlar Rossiyadagi, umuman xorijdagi eng himoyasiz fuqarolarimiz – mehnat migrantlari bilan ishlash mexanizmlarini oʻzgartirish va samaradorligini oshirish masalasini yanada dolzarb va ustuvor qilib qoʻymoqda.

Nima qilgan maʼqul?

Rossiyada oʻzbek migrantlariga nisbatan ksenofobiya va shovinizm holatlari xavfli darajada oʻsmoqda. Bu tendensiya Rossiyadagi siyosiy va iqtisodiy inqiroz chuqurlashgan sari yanada kuchayishi mumkin.

Bu muammoga qanday yechim topish kerak? Javob esa oddiy va koʻp bora tilga olingan.

Avvalo, oʻzimizda ish oʻrinlarini koʻpaytirish va mehnatga haq toʻlashni yaxshilash borasidagi islohotlarni toʻxtatmaslik lozim. Ikkinchidan, mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilishga kattaroq eʼtibor berish kerak. Demokratik va iqtisodiyoti kuchliroq davlatlardagi korxonalar bilan shartnomalarni koʻpaytirish shart.

Shuningdek, fuqarolarni xorijga joʻnatish bilan shugʻullanuvchi agentlikning monopol maqomini bekor qilish, undagi korrupsiyaga chek qoʻyish, ishning asosiy qismini xususiy sektorga topshirish maqsadga muvofiq. Agentlikka esa bunday xususiy bandlik tashkilotlariga litsenziya berish va ular faoliyatini nazorat qilish vakolatlarini berish kifoya. Chunki agentlik xorijda yurgan 2 million mehnat muhojiriga Rossiyadan boshqa davlatlardan daromadli ish topib berishni shu paytgacha eplay olmadi va yaqin istiqbolda eplay olmaydi ham.

Hozircha bu agentlikning muvaffaqiyatidan koʻra, uning tizimida poraxoʻrlik va korrupsiya urchib ketgani haqidagi yangiliklar koʻproq uchraydi. Hattoki Migratsiya agentligi Rossiyaga ishga joʻnatgan fuqarolar ham koʻplab qiyinchiliklarga duch kelayotgani, aldov va firibgarlik qurboni boʻlishayotgani haqida Internetda chiqishlar koʻp uchramoqda. Oʻziga yuklatigan vazifani eplay olmayotgan, samaradorligi pasayib ketgan agentlik byudjetga ortiqcha yuk boʻlyapti xolos. Bu tizimda chuqur islohotlar oʻtkazish, uning ishlash mexanizmi, moliyalashtirilishi va strukturasini qayta koʻrib chiqish kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylanmoqda.

Mehnat muhojirlariga huquqiy yordam: davlat masʼuliyati

Yuqorida zikr etilgan muammolarning paydo boʻlishida yoki hal etilishida davlatning ham salbiy yoki ijobiy taʼsiri bor. Agar davlat mehnat muhojirlarini chet elda qanday yoʻllarni bosib oʻtishi, qanday ish sharoitlari va qonuniy cheklovlarga duch kelishi mumkinligi borasidagi maʼlumotlardan xabardor boʻlishlariga yordam bersa, muammolarni kamaytirishga koʻmaklashgan boʻlardi.

Masalan, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari oʻz vazifalarini sidqidildan ado etishmayotgani borasida shikoyatlar nihoyatda koʻp. Ayrim konsulliklarimizga hatto qoʻngʻiroq qilib tushib boʻlmaydi. Qoʻngʻiroq qila olsangiz-da, sizga yordam berishlariga kafolat yoʻq. Natijada xorijdagi yurtdoshlarimiz oʻzlarini tashlab qoʻyilgandek, himoyasiz va nazoratsiz qolgandek his qilishmoqda.

Shu bois, mamlakatimiz xalqaro maydonda oʻz fuqarolari himoyasini kuchaytirishi kerak. Chet eldagi elchixona va konsulliklarimiz fuqarolarga yordam berishdan qochmasliklari, ularning huquqlarini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirishi talab etiladi.

Qolaversa, xorijga ketayotgan har bir yurtdoshimizning oʻzi borayotgan davlatdagi huquqiy cheklovlar borasida minimal tushunchalarga ega boʻlishi ham maqsadga muvofiq.

Hindiston va Filippin kabi “ishchi kuchi” eksportyorlarining tajribasi

Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar migrantlariga xizmat koʻrsatishga katta eʼtibor qaratib, oʻz fuqarolarini yetakchi mutaxassis sifatida xorijda mehnat qilishlarini taʼminlashga intilishadi. Hindistonda migratsiya tartibga solingan va davlat fuqarolarini xorijda ishlashga undovchi tizim mavjud. Filippin esa oʻz fuqarolarini oʻziga xos "kanallar" orqali tayyorlaydi, yuborishdan oldin ularga qonuniy huquqlar, ish shartnomalari va maʼlumotlarni berishga intiladi. Buni maqbul model sifatida oʻrganib chiqish zarar qilmaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid