platina.uz
Jahon

Imperator Nikolayga tegishli qimmatbaho tuxum 30 mln dollarga sotildi

Tuxumning tashqi qismida platina va 4 500 dona atirgul shaklidagi olmoslardan yasalgan qor parchasi naqshi bor. Bolsheviklar inqilobdan keyin noyob buyumni arzon-garovga sotib yuborgan.   

Imperator Nikolayga tegishli qimmatbaho tuxum 30 mln dollarga sotildi

Zargar Kral Faberje yaratgan "Qish tuxumi" auksionda rekord 30,2 million dollarga sotildi.

1913 yilda rus imperatori Nikolay Ikkinchi uchun yaratilgan nodir “Qish tuxumi” Londonda boʻlib oʻtgan Christies auksionida 30,2 million dollarga sotilib, Faberje imperial tuxumlari orasida yangi rekord oʻrnatdi.

Imperator tomonidan onasiga sovgʻa sifatida buyurtma qilingan “Qish tuxumi" uch daqiqada nomaʼlum xaridorga 30,2 million dollarga sotildi.

Bu rekord narx Faberj zargarlik uyi yaratgan qimmatbaho tuxumlarning tobora kamayib borayotgani va noyobligini aks ettiradi. Soʻnggi 23 yil ichida ularning hech biri auksionda paydo boʻlmagan.

Sankt-Peterburgdagi tarixiy zargarlik uyi jami 50 ta shunday tuxum yaratgan, “Qish tuxumi" esa shaxsiy qoʻllarda qolgan atigi yettitasidan biri. Qolganlari yoʻqolgan yoki muzey va institutlar tasarrufida.

Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bu tuxumlar Nikolay II va undan oldingi Aleksandr III uchun 1885–1916 yillar oraligʻida yaratilgan boʻlib, ular Pasxa bayramida oila aʼzolariga taqdim etilgan. Har bir tuxumni yaratish taxminan bir yil davom etgan, va odatda podsholar buyurmasi yasalagandan keyin yana boshqasini buyurtma qilgan.

Auksionning Faberje va rus sanʼat asarlari boʻlimi rahbari Margo Oganesianning aytishicha, “Qish tuxumi" Faberj yaratgan 50 asarning ichida eng ajoyib, sanʼat jihatidan eng ijodkorona va eng noodatiysi hisoblanadi.

Asosiy materiali togʻ kristali (kvars) boʻlgan bu tuxum muz boʻlagiga oʻxshash qilib, usti qirov bilan qoplangandek yaratilgan. Tashqi qismida platina va 4 500 dona atirgul shaklidagi olmoslardan yasalgan qor parchasi naqshi bor. Ichki qismida esa Faberjning anʼanaviy “syurprizi”: oq kvars, nefrit va granatlardan ishlangan yogʻoch anemonlari solingan kichik osma savat joylashgan.

"Qish tuxumi" dizayni oʻsha davr uchun gʻayrioddiy tarzda, ayol zargar Alma Pixl tomonidan yaratilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Faberj bosh zargari Albert Holmstryomning jiyani boʻlgan Pixl ustaxonadagi deraza oynasida muz kristallari hosil boʻlganini koʻrgach, shu gʻoyani oʻylab topgan.

Nikolay II tuxumni 24 600 rublga sotib olgan. Bu Faberj oʻz asarlari uchun olgan eng yuqori narxlardan biri boʻlgan, deya maʼlumot beradi auksion tomonidan eʼlon qilingan hisob-fakturalar.

“Uni qoʻlingizga olganingizda, xuddi muz boʻlagini ushlayotgandek boʻlasiz” - deydi zargarlardan biri.

1917 yilgi fevral inqilobidan soʻng Nikolay II hukumati agʻdarilgach, "Qish tuxumi" bir qancha kolleksionerlarning qoʻlidan oʻtdi. Bolsheviklar uni yangi Sovet davlatini byudjetini kuchaytirish maqsadida sotib yuborgan va tuxum 1920–1930 yillarda Varski tomonidan atigi 450 funtga (hozirgi hisobda taxminan 30 ming dollar) xarid qilingan. Keyinchalik u turli britaniyalik kolleksionerlar qoʻlida saqlanib, 1975 yilda yoʻqolib ketgan.

1994 yilda tuxum yana paydo boʻlib, Jenevada boʻlib oʻtgan Christiyes auksionida 7,2 million Shveysariya frankidan (oʻsha paytda 5,6 million dollar) koʻproqqa sotildi. Bu Faberje tuxumi uchun yangi rekord boʻlgan va u yana 2002 yilda Nyu-Yorkdagi auksionda $9,6 millionga sotilib, oʻz rekordini yangilagan.

Kechagi auksionda yana bir qattiq toshdan yasalgan koʻcha rassomi haykalchasi ham eʼtibor qozonib, 2 million dollarga sotildi. Kunning boshqa yirik lotlari orasida Faberj yaratgan 1,000 dan ortiq asarni hujjatlashtirgan noyob tasvirli kitob ham bor boʻlib, u 508,000 funt (taxminan $670,865) ga sotildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid