platina.uz
Iqtisod

Deputatlar byudjetnomani birinchi oʻqishda qabul qildi

Loyihada kelgusi yilda ijtimoiy sohaga 220 trillion soʻm yoki jami xarajatlarning qariyb 55 foizi yoʻnaltirilishi belgilangan. 

Deputatlar byudjetnomani birinchi oʻqishda qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 2026 yilgi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi.

Muhokama chogʻida deputatlar soliq va bojxona stavkalarini saqlab qolish daromadlarning barqaror oʻsishini taʼminlashi kerakligini taʼkidladilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar "2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar. Qonun loyihasi boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼruza qildi.

Qonun loyihasida 2026 yilda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga 4686 dollarga yetishi koʻzda tutilgan. Oʻsish surʼatlari sanoatda 6,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlari sohasida 14,5 foiz, qurilishda 10,2 foiz boʻlishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, inflyatsiya darajasi pasayishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 2026 yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari hajmi 515,4 trln soʻm, xarajatlari 567 trln soʻm miqdorida belgilanishi, konsolidatsiyalashgan byudjetning yalpi ichki mahsulotga nisbatan taqchilligi 3 foizni tashkil etishi, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan 5 mlrd dollargacha pasayishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar asosiy soliq va bojxona stavkalarini 2026 yilda ham oʻzgarishsiz qoldirish iqtisodiy oʻsish va soliq bazasini kengaytirish hisobiga byudjet daromadlari oʻsishini taʼminlashga xizmat qilishiga eʼtibor qaratdilar. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Loyihada kelgusi yilda ijtimoiy sohaga 220 trillion soʻm yoki jami xarajatlarning qariyb 55 foizi yoʻnaltirilishi belgilangan. Davlat byudjeti mablagʻlarining 25,5 foizi taʼlim va ilm-fanga, 12,1 foizi sogʻliqni saqlashga, 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilishga yoʻnaltirilishi nazarda tutilmoqda.

Byudjetnoma loyihasi noyabr oxirida eʼlon qilingandi. Unga koʻra, 2026 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga oʻsishi prognoz qilindi.

Davlat qarzi esa YaIMga nisbatan 35 foiz atrofida shakllanishi mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid