platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga bordi

Prezident qulay yoʻl infratuzilmasini barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. M-39 xalqaro avtomobil yoʻliga bogʻlash maqsadida qariyb 290 milliard soʻm hisobidan yoʻl oʻtkazgich va yangi avtomobil yoʻli qurildi. 

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yoʻl infratuzilmasini barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yoʻliga bogʻlash maqsadida qariyb 290 milliard soʻm hisobidan 700 metrlik yoʻl oʻtkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yoʻli qurildi.

Yangi yoʻl har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Shu paytgacha mazkur yoʻnalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yoʻldan foydalanishga majbur edi. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yoʻldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat koʻrsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan oʻtkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. Anʼanaviy temir-beton oʻtkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.

Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yoʻlovchi va yuk poyezdlar oʻtgan paytda avtomobillar temir yoʻl kesishmasida toʻxtab qolishga majbur edi, endilikda esa yoʻl oʻtkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, oʻt oʻchirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan.

Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura oʻrnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.

Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.

Boʻlajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida maʼlumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga moʻljallangan boʻladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obʼektlari koʻzda tutiladi.

Prezidentimiz Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish boʻyicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar oʻrnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum koʻchalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.

– Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatni yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va roʻyobga chiqarish. Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatni salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan oʻzgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi Prezident.

Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatilgan.

Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan toʻrt taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Xususan, ikkinchi kursni yuqori koʻrsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy oʻquv platformalarida ikki yillik dual taʼlim oladi. Talabalar zavod bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikda amaliy mashgʻulotlarni ham oʻtab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yoʻllanma sertifikatiga ega boʻlish imkonini beradi.

Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga oʻzlari qiziqqan kasblar oʻrgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, boʻyash, yigʻuv va sifat nazorati boʻlimlari mavjud.

Elektromobil va zaryadlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat koʻrsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yoʻnalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar tashkil qilingan.

Dunyo avtomobil sanoatida bitta qoida mavjud: raqibni tahlil qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi.

Jizzaxdagi ushbu muhandislik maktabida birinchi marta mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi koʻnikmalar ham oʻrgatilmoqda.

Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy oʻquv modullari tashkil etilgan. Ularda ilgʻor mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.

Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga toʻliq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.

Davlatimiz rahbari maktabdagi mashgʻulotlar jarayonini kuzatdi, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz shu yerda respublika va viloyat faollari bilan ham muloqot qildi.

Keyingi yillarda Jizzaxda sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻplab sohalarda yaxshi natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar hali koʻpligi aytildi.

– Jizzaxga kelib, yangi oʻsish nuqtalarini belgilab olishni maqsad qilganmiz. Asosiysi, aholi, xususan, yoshlarga munosib sharoit yaratish, yuqori daromadli ish bilan taʼminlash, – dedi davlatimiz rahbari.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid