platina.uz
Jahon

Ozarbayjonda muxolifat yetakchisi qamoqqa olindi

Muxolif partiya boshqaruvi aʼzosi Mammad Ibrohim ham ushlangan. Ular hokimiyatni zoʻrlik bilan egallab olishga urinishda ayblandi. 

Ozarbayjonda muxolifat yetakchisi qamoqqa olindi

1 dekabr kuni Bokuning Sabail tuman sudi Ozarbayjon Xalq fronti Milliy demokratik partiyasi (XXFP) raisi Ali Kerimli va partiya boshqaruvi aʼzosi Mammad Ibrohimni ikki oy va 15 kunga hibsga olish toʻgʻrisida qaror chiqardi.

Ular hokimiyatni zoʻrlik bilan egallab olishga urinishda ayblanmoqda. Deustche Welle maʼlumotlariga koʻra, siyosatchilar 12 yildan umrbod qamoq jazosigacha hukm qilinishi mumkin.

Kerimli 29 noyabr kuni hibsga olingan. Ozarbayjon davlat ommaviy axborot vositalari muxolifat yetakchisining uyida tintuv oʻtkazilganda prezident maʼmuriyatining sobiq rahbari Ramiz Mehdiyevga tegishli xatlar topilganini xabar qilishdi.

Oktabr oyida sud 87 yoshli Mehdiyevni davlat toʻntarishiga urinish va davlatga xiyonat qilish kabi ayblovlar bilan toʻrt oyga uy qamogʻiga olishgandi.

Kerimli Mehdiyev bilan aloqalarini rad etgan.

Reuters manbasiga koʻra, rasmiylar Kerimlini Mehdiyevdan mablagʻ olganlikda ayblamoqda. Xalq fronti partiyasi yetakchisi bu ayblovlarni rad etadi va ularni siyosiy deb hisoblaydi, deb xabar berdi uning advokati agentlikka.

Kerimli haqida nimalar maʼlum?

Ali Kerimli Ozarbayjon Xalq fronti partiyasini 2000 yildan beri, uning oldingi rahbari, sobiq prezident Abulfaz Elchibey vafotidan keyin boshqarib kelmoqda.

20 yil davomida unga xorijga chiqish pasporti berilmadi. 2015 yilda Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi bu qoidabuzarlik uning harakatlanish erkinligi huquqini buzgan deb qaror chiqardi.

Ayrim inson huquqlari faollari Kerimlining hibsga olinishini yangi repressiya toʻlqinining bir qismi sifatida iddao qilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid