“Mercedes-Benz” avtomobillarini qismlab olib kirib, qayta yiqqan shaxslarga hukm oʻqildi
Ular bu orqali bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlagan va avtomobillarni soxta hujjatlar orqali rasmiylashtirgan. Yakuniy hukmda mashinalar davlat foydasiga musodara etilishi belgilandi.

Toshkentda “Mercedes-Benz” avtomobillarini qismlab olib kirish va qalbakilashtirish sxemasi fosh etildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tumani sudida bir guruh shaxslar sudlandi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud. Ish joriy yilning 28 noyabr kuni koʻrib chiqilgan.
Toshkent shahri Olmazor tuman sudida “Mercedes-Benz” rusumli avtomobillarni qismlarga ajratib BAAdan olib kirish, bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlanishi va soxta hujjatlar bilan rasmiylashtirish boʻyicha jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Ish doirasida O. A., S. H., O. S., J. T. (Auto Gas Systems MChJ rahbari) va F. S. larga hukm oʻqildi.
Sud materiallariga koʻra, ayblanuvchilar BAAdan “Mercedes-Benz CLS500” va “Mercedes-Benz S500/550L” avtomobillarini butun holida emas, balki kuzov, dvigatel va boshqa ehtiyot qismlar sifatida ajratib yuborib, Oʻzbekiston hududiga alohida yuk tariqasida olib kirgan.
Bu orqali ular avtomobillarga nisbatan qoʻllanadigan yuqori bojxona toʻlovlarini chetlab oʻtishga uringan. Ayrim dvigatellarning raqamlari ataylab oʻchirilib, yuk kuzatuv hujjatlarida “raqamsiz” deya koʻrsatib qilingan.
Mamlakatga kirib kelganidan soʻng, ehtiyot qismlar ustaxonalar yordamida yana bitta butun avtomobil sifatida qayta yigʻilgan. Keyin esa arzon narxga sotib olingan, foydalanishga yaroqsiz eski “Mercedes” avtomobillarining davlat raqami va hujjatlari orqali “qayta jihozlash” sxemasi ishga solingan. Bu jarayonda “Gaz-Install” va “Auto Gaz Systems” MChJ nomidan qalbakilashtirilgan dalolatnomalar tayyorlanib, ularda avtomobil goʻyoki eski mashinadan yangisiga kuzov almashgani sifatida koʻrsatilgan.
Ekspertiza bu hujjatlardagi imzo va muhrlar asl egalariga tegishli emasligini tasdiqladi.
Kompleks ekspertizalar natijasiga koʻra, qayta yigʻilgan avtomobillar aslida zavod tomonidan bitta butun transport vositasi sifatida ishlab chiqarilgani, ularning bozor bahosi mos ravishda 319,4 million soʻm va 394,2 million soʻm ekani aniqlandi. Tayyor avtomobil sifatida rasmiylashtirilgan taqdirda, ular boʻyicha 500 milliondan 800 million soʻmgacha qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirilishi kerak boʻlardi.
Ayblanuvchilarning ayrimlari oʻz harakatlarini tan olgan boʻlsa, boshqalari ayblovni rad etgan. Sud tergov davomida toʻplangan dalillar asosida ularga qoʻyilgan bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlanishi, hujjatlarni qalbakilashtirish va jinoyatga sheriklik ayblovlari tasdiqlangan.
Yakunmy sud hukmiga koʻra, A.O. ga uzil-kesil oʻtash uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
S.O va S. H. larga ham xuddi shunday jazo tayinlandi.
Yana bir ayblanuvchi J. T. JK 228-moddasi 2-qismining “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga shu modda bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
F.S.ga esa uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ish yuzasidan "Mercedes-Benz" avtomobillari davlat foydasiga musodara qilingan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.