platina.uz
Iqtisod

Hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasi joriy etiladi

Intensiv bogʻ tashkil qilishda imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi. 

Hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasi joriy etiladi

Hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasi joriy etiladi. Bu haqda Jizzaxdagi yigʻilishda aytib oʻtildi.

Hozirda Baxmaldagi 14 ming gektar bogʻlarning 4 ming gektari eskirgan, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi.

Shu bois, eski bogʻlarni intensivga oʻtkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.

Baxmalda 2026 yilda 1,5 ming gektar eski bogʻlarga faqat sertifikati bor koʻchatlarni ekish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Buni qoʻllab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga koʻchat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, tumandagi bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun yana bir qator yangiliklar eʼlon qilindi.

Xususan, intensiv bogʻ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya toʻlanadi.

Umuman, kelasi yili bogʻdorchilik boʻyicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon sotilmayotgani qayd etildi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi.

Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini oʻzi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qoʻyilgan yerlarning boshlangʻich narxi 10 foizgacha pasaytiriladi.

Yer ijarasidan tushgan mablagʻlar toʻliq sanoatlashgan bogʻlarga suv, elektr, yoʻl tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma obʼektlari uchun sarflanadi.

AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda boʻyicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid