Tramp Venesuela boʻyicha yana tahdidli bayonot berdi
Aviakompaniyalar Venesuela havo hududini yopiq deb hisoblashi lozim. Bu Venesuela rahbariyatiga boʻlgan bosimni yanada oshirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp avialiniyalar Venesuela havo hududini yopiq deb hisoblashi kerakligini aytdi.
Prezidentning bu bayonoti Qoʻshma Shtatlarning Janubiy Amerika davlatiga hujum qilish boʻyicha kuchayib borayotgan tahdidlaridan keyin yangradi.
AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni amerika aviakompaniyalariga Venesuela havo hududini yopiq deb hisoblashni aytdi. Bu, soʻnggi haftalarda Vashington va Karakas oʻrtasida keskinlik kuchayib, AQShNIng Venesuelaga hujum qilishi mumkinligi haqidagi tahdidlar ortib borayotgan bir paytda, mamlakat rahbariyatiga boʻlgan bosimni yanada oshirdi.
Tramp boshqa bir davlatning havo hududini yopish boʻyicha qonuniy huquqqa ega boʻlmasa-da, bunday ogohlantirish baʼzan havo zarbalari oldidan qoʻyiladigan birinchi qadam boʻladi. Uning bayonoti soʻnggi haftalarda AQShNIng mintaqaga katta miqdorda harbiy kuch joylashtirgani ortidan yangradi.
Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni bir necha bor qoʻrqitib kelmoqda. Bu qaror venesuelaliklarning hayotiga ham, mamlakat iqtisodiyotiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
“Barcha aviakompaniyalar, uchuvchilar, giyohvand moddalar savdogarlari va odam savdosi bilan shugʻullanuvchilar – iltimos, Venesuela hududi ustidagi va atrofidagi havo maktabini toʻliq yopiq deb hisoblang” — deb yozdi Tramp Truth Social tarmogʻida.
Oq uy esa Tramp nima sababdan samolyotlarni Venesuela ustidan uchmaslikka chaqirayotgani haqida izoh bermadi.
Soʻnggi haftalarda Trampning tahdidlariga javoban qoʻshinlarni keng safarbar qilgan Maduro hukumati Trampning bayonotini “Venesuela xalqiga qarshi yangi gʻayrioddiy, noqonuniy va asossiz tajovuz” deb atadi.
“Venesuela hech qanday xorijiy davlatning buyruqlari, tahdidlari yoki aralashuvini qabul qilmaydi,” — deyiladi hukumatning Instagramda eʼlon qilgan bayonotida.
Hukumat qoʻshimcha qildi: bu harakatlar orqali Tramp maʼmuriyati Venesuelaga muntazam amalga oshiriladigan haftalik deportatsiya reyslarini ham bir tomonlama toʻxtatgan. Bu reyslar yil boshida Oq uy va Maduro hukumati oʻrtasida kelishib olingan edi.
Tramp maʼmuriyati Maduro va uning xavfsizlik xizmatining yuqori martabali amaldorlarini AQShGA giyohvand modda yetkazib beradigan narkokartel rahbarlari sifatida ayblab keladi.
Maʼmuriyat 24 noyabr kuni “Quyoshlar karteli” deb ataluvchi guruhni xorijiy terrorchi tashkilot sifatida belgiladi. Bu esa Pentagon uchun Venesuela hukumatining nishonlariga zarba berish uchun huquqiy asos boʻlishi mumkin. Ammo bu guruh na rasmiy tashkilot, na haqiqiy karteldir.
AQSh va Venesuela oʻrtasidagi keskinlik Amerika harbiy patrullari Venesuela suvlariga yaqin hududlarda koʻpaygani ortidan kuchaymoqda. Vashington buni giyohvand moddalar kontrabandasi bilan kurash deb izohlasa, Karakas buni bosim va qoʻrqitish sifatida koʻrmoqda.
Bunga qoʻshimcha ravishda, AQShning yangi sanksiyalari va Venesuela neftini sotib olayotgan davlatlarga 25 foizlik boj joriy qilishi mamlakatning allaqachon zaif iqtisodiyotiga yanada bosim qoʻymoqda. Shu bilan birga, Venesuelaning Rossiya, Xitoy va Eron bilan yaqinlashib borayotgan aloqalari AQShni xavotirga solmoqda — Vashington bu jarayonni mintaqada raqib davlatlar taʼsirining ortishi sifatida koʻrmoqda.
Ushbu omillar iqtisodiy aloqalar cheklangan boʻlishiga qaramay, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni tobora keskinroq va qarama-qarshi tusga kiritmoqda.