Sirdaryoda davlat tili boʻyicha kamchiliklar sabab bir hokim maslahatchisi ishdan olindi
Oʻn olti nafar masʼul esa ogohlantirildi. Barcha hokimliklar va tashkilotlarga bir hafta ichida ish yuritish hujjatlarini toʻliq lotin yozuviga oʻtkazish topshirildi.

Sirdaryoda davlat tilida ish yuritishdagi kamchiliklar sabab bir tuman hokimi maslahatchisi ishdan olindi, 16 masʼul esa ogohlantirildi.
Bu haqda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi qarorida aytiladi.
Unga koʻra, viloyatda davlat tili boʻyicha 2025 yilgi monitoringda 2 mingga yaqin qoidalarga zid yozuvlar aniqlandi, hokimliklarga qatʼiy muddat belgilandi.
Kengash qaroriga koʻra, 2025 yil davomida “e-qaror” platformasi orqali kelib tushgan jami 6048 ta hujjatning imlo, grammatik va uslubiy talablariga rioya etilganlik darajasi oʻrganilgan. Shundan 43 ta hujjat lingvistik ekspertizadan oʻtkazilgan. Davlat tilida ish yuritish holatini baholash uchun viloyatdagi turli tashkilotlarda 17 ta maqsadli tekshiruv oʻtkazilib, natijalar hokim huzurida tanqidiy muhokama qilingan.
Tashqi reklama, peshlavha va boshqa axborot vositalari boʻyicha oʻtkazilgan monitoring davomida 1950 ta qonun talablariga zid yozuv aniqlangan. Ular orasida 210 ta peshlavha, 974 ta reklama banneri va 766 ta boshqa turdagi matnlar bor. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 1695 tasi bartaraf etilgan.
Kengash qarori bilan viloyatdagi barcha hokimliklar va tashkilotlarga bir hafta ichida ish yuritish hujjatlarini toʻliq lotin yozuviga oʻtkazish topshirildi. Shuningdek, tijorat banklari va mehmonxonalarda shartnomalar, toʻlov qogʻozlari va boshqa hujjatlar faqat oʻzbek alifbosida rasmiylashtirilishi shartligi belgilandi. Tuman va shahar hokimliklari hududdagi peshlavha, reklama va yoʻl koʻrsatkichlarini qonunchilik talablariga moslashtirish, daraxt va simyogʻochlardan noqonuniy reklama qoldiqlarini olib tashlash boʻyicha ham choralar koʻradi.
Reklama faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga “Davlat tili haqida” va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun talablari yetkazilishi, tilshunos mutaxassislarsiz reklama mahsulotlari tayyorlanishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan. Shu bilan birga, “Milliynom.uz” platformasidan foydalanish boʻyicha targʻibot kuchaytiriladi.
Qonunbuzilish holatlariga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish vazifasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining hududiy boshqarmasiga yuklatildi.
Viloyat teleradiokompaniyasi va “Yangi Sirdaryo” gazetasi esa davlat tili boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam yoritib boradi.