platina.uz
Jamiyat

Saraton, infarkt va suyak sinishlari diagnostikasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi

Prezident huzuridagi taqdimotda maktab taʼlimi uchun sunʼiy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda oʻqituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi. 

Saraton, infarkt va suyak sinishlari diagnostikasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va kosmos sohalarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining oktabr oyida qabul qilingan “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizda bu borada zarur infratuzilma barpo etish hamda kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Jumladan, 2030 yilgacha strategiya tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda. Jumladan, AQShning “Nvidia” kompaniyasi bilan hamkorlikda super kompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida sunʼiy intellekt boʻyicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, koʻkrak saratonini sunʼiy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80 foizga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda.

Prezidentimiz bu yetarli emasligi, sunʼiy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin boʻlgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, oʻpka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Kelgusi oʻquv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda oʻquvchi va talabalarga sunʼiy intellektni oʻqitish boshlanadi. Buning uchun informatika oʻqituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sunʼiy intellektdan foydalanishga oʻrgatib, oʻqituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Shunda oʻqituvchida oʻz ustida ishlashga koʻproq vaqt qoladi, deya taʼkidlandi yigʻilishda.

Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar koʻrib chiqildi.

Jumladan, maktab taʼlimi uchun sunʼiy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda oʻqituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim oʻqituvchilarga mavzuga doir maʼruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda koʻmaklashadi.

Yigʻilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.

Transport sohasida ham sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sunʼiy intellekt yordamida yoʻllardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yoʻlda avariyalar xavfini kamaytirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar boʻyicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sunʼiy yoʻldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi koʻrib chiqildi. Yerni masofaviy zondlashga moʻljallangan mazkur yoʻldosh uchun sunʼiy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yoʻldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xoʻjaligi ekinlari va oʻrmonlarni monitoring qilishda qoʻllash mumkin boʻladi.

Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari koʻrib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid