Nurafshonda hokim yordamchisi 2 ming dollar bilan ushlandi
U fuqaroni mansabdor tanishlari orqali Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyishini vaʼda qilgan.

Nurafshon shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi qoʻlga olindi.
U Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni mansabdor tanishlari orqali Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyishini vaʼda qilib, oʻz “xizmati” evaziga 2 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi soʻralgan pulni oʻz tanishlari orqali olgan vaqtida ushlanib, uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilgan.
Maʼlumotga koʻra, ushbu shaxs muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlib, qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmagani aytib oʻtilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.