Netanyahu Isroil prezidentidan afv etishni soʻradi
Bosh vazirga soʻnggi besh yil davomida pora olish, firibgarlik va ishonchni suiisteʼmol qilish boʻyicha ayblovlar qoʻyilgan. U mazkur ayblovlarni rad etadi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu Isroil prezidentidan avf soʻradi.
Netanyaxu soʻnggi besh yil davomida uchta alohida ish boʻyicha pora olish, firibgarlik va ishonchni suiisteʼmol qilish ayblovlari bilan sudlanib kelmoqda. U barcha ayblovlarni rad etadi.
Avf etish orqali sud jarayoni toʻxtaydi yoki umuman bekor qilinadi, jinoyat uchun javobgarlik olib tashlanadi yoki ayblovlar olib tashlanadi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, unga qarshi davom etayotgan korrupsiya aylovini olib tashlashni Isroil prezidenti Ishoq Hersogdan soʻradi. Prezident idorasi esa Adliya organlari fikrini olganidan soʻng, bu talabni koʻrib chiqishini maʼlum qildi.
Netanyaxuga soʻnggi besh yil davomida uchta alohida ish boʻyicha pora olish, firibgarlik va ishonchni suiisteʼmol qilish boʻyicha ayblovlar qoʻyilgan.
Isroil muxolifati esa u avval aybini tan olishi kerakligini taʼkidladi.
Noyabr oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp ham Isroil prezidenti Hersogni Netanyaxudan ayblovlarni toʻliq olib tashlashga chaqirgan edi.
Yakshanba kuni prezident idorasi bu favqulodda soʻrovning ahamiyati va uning oqibatlarini inobatga olgan holda Netanyaxuning rasmiy soʻrovi hamda uning shaxsiy xatini eʼlon qildi.
Qaror qachon chiqarilishi borasida hech qanday maʼlumot berilmadi.
2020 yilda Benyamin Netanyaxu amaldagi bosh vazir sifatida sud qilinayotgan birinchi isroillik rahbar boʻlgan.
•Birinchi ishda prokurorlar u qudratli biznesmenlardan pora sifatida asosan sigara va shampan olganini daʼvo qilgan.
•Ikkinchi ishda u moddiy manfaat evaziga Isroildagi gazetaning tarqatilishiga yordam taklif qilganlikda ayblanmoqda.
•Uchinchi ishda esa prokurorlar u yirik aloqa kompaniyasi aksiyadorining manfaatini koʻzlagan gʻayriqonuniy qarorlarni qabul qilganlikda ayblanmoqda.
Netanyaxu barcha ayblovlarni rad etgan va sud jarayonini siyosiy raqiblari tomonidan uyushtirilgan “fitna” deb atagan.
Yakshanba kuni eʼlon qilingan videomurojaatida u unga qarshi daʼvolar kuchsizligini, biroq jarayon Isroilni ichkaridan parchalab tashlayotganini aytdi.
Netanyaxu oʻzidan har hafta uch marta sudda koʻrsatma berish talab qilinayotganini aytib, buni imkonsiz talab deya taʼkidladi.
Muxolifat yetakchisi Yair Lapid shunday dedi: avf faqat aybni tan olish, pushaymonlik bildirish va Netanyaxu siyosiy hayotdan darhol ketishi sharti bilan berilishi mumkin.
Chap qanot siyosatchisi, Isroil qurolli kuchlari sobiq oʻrinbosari Yair Golan esa: “faqat aybdorlar avf soʻraydi”, dedi.
Isroilning Asosiy Qonuniga koʻra, prezident jinoyatchilarni avf etish va ularning jazolarini kamaytirish yoki yengillashtirish huquqiga ega.
Netanyaxuning oʻng qanot Likud partiyasi va uning tarafdorlari har doim uni avf etishni qoʻllab kelgan.
Shuningdek, Xalqaro jinoyat sudi oʻtgan yili Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga qarshi Isroil va HAMAS oʻrtasidagi urush chogʻida sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish orderi chiqargan.
Netanyaxu bu qarorni “antisemitik” deb atab qoralagan.