platina.uz
Jamiyat

Yuridik universitetda fakultet dekanlarini saylash joriy etiladi

2, 3 va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkaziladi. 

Yuridik universitetda fakultet dekanlarini saylash joriy etiladi

Yuridik universitetda fakultet dekanlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.

“Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–232-son, 26.11.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, quyidagilar yuridik taʼlim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

- yuridik taʼlim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;

- Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi boʻyicha yuqori 1 000 talik universitetlar roʻyxatiga kirishini taʼminlash.

2026/2027 oʻquv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etiladi.

Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkaziladi.

2027/2028 oʻquv yilidan “Yurisprudensiya” yoʻnalishi mavjud boshqa davlat oliy taʼlim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Universitetda taʼlim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida shoʻʼbalar tashkil etiladi.

Tadqiqot markazlari fakultetlar yoʻnalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat boʻladi, huquqni qoʻllash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.

Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.

Ular 2 oʻquv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.

Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani oʻrinbosarlari hisoblanadi.

Shoʻʼbalar professor-oʻqituvchilar tarkibidan iborat boʻlib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.

Universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

2026/2027 oʻquv yilidan:

Universitetda sunʼiy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron taʼlim platformasida:

- talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;

- yakuniy nazorat ishlarini sunʼiy intellekt tomonidan baholash yoʻlga qoʻyilib, inson omili cheklanadi;

Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi. Bunda:

- mazkur yoʻnalishga oʻqishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida oʻtkaziladi;

- tanlovda chet tillari boʻyicha V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;

- oʻquv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid