platina.uz
Jamiyat

Prezident Byurokratiyani bartaraf etish xalqaro forumida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

2030 yilga qadar davlat xizmatlari sonini 1,5 mingtaga yetkazish, elektron xizmatlar ulushini 95 foizgacha oshirish reja qilingan. Byurokratiyaga qarshi alohida dastur tasdiqlandi. 

Prezident Byurokratiyani bartaraf etish xalqaro forumida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Bugun Byurokratiyani bartaraf etishga bagʻishlangan xalqaro forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini zamon talablariga mos ravishda yangilash, ortiqcha maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirish va fuqarolar hamda biznes uchun qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek:

– soʻnggi yillarda byurokratiyani qisqartirish boʻyicha 9 ta farmon va qaror qabul qilindi, Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal va "Raqamli hukumat" tizimlari joriy qilinishi natijasida davlat xizmatlari soni 444 tadan 1 040 tagacha oshdi, koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 55 milliondan oshdi;

– 90 dan ortiq proaktiv va kompozit xizmatlar joriy etildi, xususan, tugʻilish bilan bogʻliq xizmatlarning yagona paketda taqdim etilishi har yili 1 million fuqaro uchun qulaylik yaratmoqda, ijtimoiy nafaqalar va pensiya tayinlash jarayoni avtomatlashtirildi;

– 30 turdagi xizmat real vaqtda taqdim etildi, joriy yilda 8 millionga yaqin xizmat avtomatik tarzda koʻrsatilmoqda, elektron hujjat aylanmasi hisobiga aholining yiliga 23 milliard soʻm mablagʻi tejalmoqda;

– biz­nes uchun sharoitlarni yengillashtirish maqsadida 160 dan ziyod litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 150 dan ortiq ruxsatnoma elektron shaklda berilmoqda, 140 turdagi hujjat va maʼlumot talab qilish bekor qilindi;

"Biznesni 15 daqiqada boshlash" tamoyili orqali tadbirkorlikni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratildi.

Prezident taʼkidlaganidek, byurokratiyani qisqartirish sohasida quyidagilar rejalashtirilgan:

– 2030 yilga qadar davlat xizmatlari sonini 1,5 mingtaga yetkazish, elektron xizmatlar ulushini 95 foizgacha oshirish, kelgusi yilda qoʻshimcha 250 ta xizmatni raqamlashtirish, "Qogʻozsiz hukumat" tizimiga toʻliq oʻtish va mavjud 40 million hujjatdan 25 milliontasini raqamlashtirish;

– proaktiv va kompozit xizmatlar sonini 400 taga yetkazish, kelgusi yilda 180 ta yangi xizmatni joriy etish; litsenziyalash, qurilish va kommunal tarmoqlarga ulanish sohasida 300 dan ortiq xizmatni soddalashtirish, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza orqali ulanish imkonini yaratish;

– 100 dan ortiq xizmatlar muddatlarini 50 foizgacha qisqartirish, 110 dan ortiq hujjat va maʼlumot talab qilishni toʻliq bekor qilish, Davlat xizmatlari portali, "Litsenziya" tizimi, "Yagona darcha" va koll-markazlarni sunʼiy intellekt asosida ishlashga oʻtkazish.

Forum doirasida Prezidentimiz byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha alohida Dastur tasdiqlanganini eʼlon qildi. Dastur ijrosini muvofiqlashtirish uchun "Dastur ofisi" tashkil etiladi, barcha vazirlik va idoralarda uni amalga oshirish uchun masʼul xodimlar tayinlanadi.

Aholi va biznes vakillari uchun dasturga taklif kiritish va idoralar faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Bu maqsadlar uchun 3 million dollarlik mukofot jamgʻarmasi shakllantirilib, eng ilgʻor tashabbuslar ragʻbatlantiriladi.

Ushbu Dastur 2030 yilga qadar Oʻzbekistonni orttiqcha byurokratiyadan xoli, inson manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy davlat boshqaruviga ega mamlakatga aylantirishga xizmat qiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid