Oʻzbekiston "Nvidia" kompaniyasi bilan superkompyuter klasterini ishga tushiradi
Sunʼiy intellekt boʻyicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinib, AQSh, BAA va Yevropa kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi.

Prezident sunʼiy intellekt sohasini rivojlantirish boʻyicha rejalarni aytdi. Jumladan:
– "Nvidia" kompaniyasi bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQShning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi, barcha hududlardagi "Kelajak markazlari"da SI boʻyicha maktab dasturi joriy qilinadi;
– maktablar oʻrtasida har yili sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap gʻoyalari boʻyicha tanlov oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Har bir hududda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktabda eng zamonaviy sunʼiy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi;
– Sunʼiy intellekt boʻyicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinib, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilgʻor texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi;
– yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yirik tashabbus – "5 million sunʼiy intellekt yetakchilari" loyihasiga start beriladi.
– 2030 yilga qadar 4,75 million oʻquvchi va talaba, 150 ming oʻqituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi oʻqitiladi. Bunda sunʼiy intellekt maktab, kasb taʼlimi va oliy taʼlim tizimlariga ham integratsiya qilinadi;
– har yili noyabr oyi "Yoshlar uchun sunʼiy intellekt oyligi" deb eʼlon qilinadi va doimiy ravishda "Ipak yoʻli sunʼiy intellekt forumi" oʻtkazib boriladi.
Avvalroq prezident farmoni bilan Byurokratiyaga qarshi dasturning asosiy vazifalari belgilangandi.