Loukosterlarda nega aviachipta arzonroq?
Ayrimlari hatto salondagi hojatxonani pullik qilmoqchi boʻlgan. Bu qarorlar hayratlanarli tuyulishi mumkin, lekin ularning har biri ortida maksimal daromad olish mantigʻi yotadi.

Biror manzilga tezroq yetib olishni istasak, samolyotga aviachipta olamiz. Agar shoshilinch boʻlmasa, avtobus yoki poyezdda safar qilish maʼqul deb oʻylaymiz. Chunki ularning yoʻlkirasi arzonroqqa tushadi. Ammo avichiptalarni ham juda arzonga sotib olish mumkinligini bilasizmi?
Ayrim aviakompaniyalar boshqalarga nisbatan deyarli 5 barobar arzon parvozlarni taklif qilishyapti. Ularni loukosterlar (ingl. Low-cost carrier, low-cost airline, shuningdek no-frills carrier, discount carrier, budget carrier) deb atashadi.
Tarixga nazar
XX asr boshlarida odamlar samolyotlardan qoʻrqishar edi. Shu sababli aviatashuvchilar yoʻlovchilarni yuqori darajadagi xizmat koʻrsatish bilan oʻzlariga jalb qilishga uringan. U paytlarda yoʻlovchi oʻzini samolyotda emas, qimmat mehmonxonada oʻtirgandek his qilar edi. Tabiiyki, chiptalar narxi ham oʻta baland edi.
Ammo Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, vaziyat oʻzgardi: odamlar parvozlarga ancha koʻnikib qolishdi. Shu bois bortdagi servis darajasini pasaytirish imkoniyati tugʻildi. Natijada aviachiptalar ancha arzonlashdi. Bundan tashqari, urush tugagandan soʻng armiyalar oʻz hajmini qisqartira boshladi, jumladan, ortiqcha texnikani, transport samolyotlarini (ayniqsa, Douglas DC-3/C-47) hisobdan chiqarishdi. Ular darhol yoʻlovchi samolyotiga aylantirildi.
Biroq loukosterlar xavfsizlik va parvoz tezligiga bevosita taʼsir qilmaydigan barcha sharoitlarni bekor qildi. Agar PanAm aviakompaniyasi uslub va qulaylikni sotgan boʻlsa, Ryanair parvozdan boshqa hech qanday ortiqcha xizmatni taklif qilmagan.
Yangi davrning boshlanishi
AQShda davlatning tariflar ustidan nazoratiga oid qonunchilik oʻzgartirildi. Bu raqobat va yangi biznes-modellar paydo boʻlishi uchun yoʻl ochdi.
1971 yilda Southwest Airlines tashkil topdi – u birinchi boʻlib qisqa masofali reyslar va minimal chipta narxini shakllantirdi.
Oliy toifadagi xizmat oʻrniga narx va ishonchlilik qoldirildi. Bu konsepsiya oʻz samaradorligini juda tez isbotladi. Yoʻlovchilar oqimi oʻsdi. AQShdan keyin bu gʻoya butun dunyo boʻylab tarqaldi.
Yevropada birinchi loukoster 1985 yilda asos solingan Ryanair va 1995 yildagi EasyJet boʻldi. Bu kompaniyalar Southwest modelini Yevropa sharoitiga moslashtirib, onlayn-sotuvlar, qattiq narx raqobati, arzon aeroportlarga parvozlar va personal xarajatlarini maksimal qisqartirishga urgʻu berishdi.
Keyinchalik Ewing, Norwegian, Transavia, Wizz Air va Pegasus paydo boʻldi. Ularning har biri oʻziga xos xususiyatlarga ega, ammo umumiy yondashuv bir xil boʻlib, bortga kirish narxini minimal darajaga tushirish va qolgan barcha narsalarni pullash tamoyilini qoʻllaydi.
Osiyoda esa loukosterlar biroz kechroq paydo boʻldi, ammo juda tez tarqaldi. AirAsia qitʼaning eng yirik loukosteriga aylandi, Hindistondagi Indigo va Go First sohada peshqadam boʻldi.
Chiptani arzon qiluvchi omillar
Eng avvalo, loukosterlarda faqat bitta samolyot turidan foydalaniladi. Masalan, Ryanair kompaniyasi Boeing 737dan foydalanadi, Wizz Air esa Airbus 320 va 321dan. Bu uchuvchilarni oʻqitish, texnik xizmat koʻrsatish va ehtiyot qismlar xarajatlarini kamaytiradi. Butun tizim sodda va arzon boʻlib qoladi.
Qolaversa, ular yangi samolyotlardan foydalandi. Ular arzonroq xizmat talab qiladi, kamroq yoqilgʻi sarflaydi va xariddan keyin katta taʼmir talab etmaydi.
Ikkinchidan, yoʻlovchilarning samolyotga chiqish-tushishi maksimal darajada tez amalga oshiriladi. Samolyot aeroport hududida 25-30 daqiqa turadi, boshqa aviakompaniyalardagi kabi 60-90 daqiqa emas! Bu bir kunda koʻproq reys bajarishga, demak, koʻproq daromad olishga imkon beradi. Albatta, salon ham zichroq: oʻrindiqlar torroq, qatorlar orasidagi masofa qisqa – biroz tiqilib va qisinib oʻtirasiz. Bu salonga oʻrtacha hisobda anʼanaviy aviakompaniyalarga nisbatan 10-15% koʻproq yoʻlovchini joylashtirish imkoniyatini beradi. Masalan, Wizz Air’ning A320 samolyotida 230 ta oʻrin bor, Lufthansa’da esa xuddi shunday samolyotda faqat 180 ta xolos. Chipta – bu faqat oʻrin uchun toʻlov. Yaxshiroq joy tanlamoqchimisiz, kattaroq qoʻl yuki olib oʻtmoqchimisiz, bagaj topshirmoqchimisiz, ovqatlanmoqchimisiz yoki hatto oddiy chop etilgan joylashuv talonini olmoqchimisiz – marhamat, alohida pul toʻlab qoʻying! Loukosterlar har bir narsadan pul ishlashga harakat qiladi
Aeroportlar – bu alohida mavzu. Ryanair Parij oʻrniga Buve aeroportiga, Myunxen oʻrniga Memingenga uchadi. Yaʼni ular kichik va arzon aeroportlarni tanlashadi. Boshqa loukosterlar ham xuddi shu tizimda ishlaydi. Bu aeroport yigʻimlarini bir necha barobar kamaytiradi. Masalan, Parijdagi Sharl-de-Goll aeroportida bir yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish 20-30 yevro turadi, Buveda esa atigi 7 yevro. Bundan tashqari, loukosterlar koʻpincha tungi reyslarda uchadi, bu vaqtda aeroport xizmatlari ancha arzon boʻladi.
Barcha chiptalar toʻgʻridan-toʻgʻri, vositachilarsiz sotiladi. Hatto ancha barvaqtroq, oldindan sotiladi. Bir necha oy oldin sotilgan chipta yoʻlovchiga ham, kompaniyaga ham manfaat keltiradi. Onlayn sotuv yoʻlga qoʻyilgani bois, vositachilar yoʻq, marketing xarajatlari past – bu narxni tushiradi. Hamma jarayonlar raqamlashtirilgan: onlayn-roʻyxatdan oʻtish, mobil ilovalar bunga yordam beradi. Bu yiliga millionlab yevro tejaydi. Hattoki talon qogʻozi ham boshqa aviakompaniyalarga nisbatan arzonroq va sifatsizroq.
Va nihoyat, qoʻshimcha savdo. Ovqat, ichimliklar, bortdagi tovarlar, lotereyalar, salon ichida reklama, baland ovozdagi xabarnoma – tabriklar uchun alohida toʻlovlar – loukosterlarda oʻrindiqda oʻtirishdan boshqa hamma xizmat va sharoitlar pulga chaqiladi.
Shunday qilib, loukosterlarda daromad chiptadan emas, unga qoʻshimcha xizmatlardan keladi. Qanchalik koʻp odam uchsa, kompaniya shunchalik koʻp pul ishlaydi. Hatto chiptaning oʻzi 10 yevro tursa-da. Buni Kodak fotoapparatlari savdosi bilan solishtirish mumkin: apparatning oʻzi arzon, lekin plyonka qimmat boʻlgan. Rangli printerlarning ham oʻzi arzon, boshqa xarajat va zarur materiallar esa qimmat.
Loukosterda baʼzan qoʻshimcha xizmatlarning oʻzi chiptadan qimmatga tushadi. Masalan, Ryanair’da qoʻl yuki uchun 25 yevro qoʻshimcha haq, Wizz Air’da esa oldingi qator joylari uchun qoʻshimcha 40 yevro talab qilinishi mumkin.
Shuningdek, qoidalar ham “shafqatsizroq”. Qoʻl yuki ruxsat etilgan oʻlchamdan biroz oshsa – jarima. Chiptani buyurtma qilishda ism-sharifingizni xato yozgan boʻlsangiz, uni tuzatish uchun jarima toʻlaysiz.
Ayrim loukosterlar, masalan, Wizz Air onlayn-roʻyxatdan oʻtmasangiz va aeroportda joylashuv talonini chop etishsa, 40-50 yevro toʻlashga majbur qiladi.
Ham enidan, ham boʻyidan urib qolish
Loukosterlar nafaqat yoʻlovchilar, balki oʻz xodimlari bilan munosabatlarda ham “ziqnalik” qiladi. Uchuvchi va styuardessalar ijtimoiy bonuslar koʻzda tutilmagan autsorsing shartnomalari asosida ishlaydi koʻpincha. Misol uchun, Ryanair uzoq yillar davomida faqat havoda oʻtkazilgan vaqt uchun pul toʻlagan, tayyorgarlik, kutish vaqti yoki aeroportga yoʻl olishda ketgan soatlar uchun pul toʻlamagan. Xodimlarning maxsus ish kiyimlari ham arzon sintetik materialdan tikilgan boʻlib, xodimlar uni oʻz hisobidan sotib oladi va sifatsizligi bois tez-tez almashtirishga majbur boʻladi.
Koʻpchilik loukosterlarda bort ovqatlari ekipaj aʼzolariga tekin berilmaydi – bu ham tejamkorlikni taʼminlaydi. Ruhiy bosim kuchliligi bois xodimlar kelib-ketishi koʻp, koʻpchilik chiday olmay boʻshaydi. Bunday sharoitlarda ishlash ogʻir va koʻpchilik buni uzoq vaqt davom ettira olmaydi.
Loukosterlar yana boshqa jihatlardan ham pul tejab qolishni oʻylaydi doim. Ryanair bir paytlar samolyotda tik turgan holda parvoz qilinadigan joylarni koʻrib chiqqan. Loyiha sertifikatdan oʻtmagan, lekin juda katta shov-shuvga sabab boʻlgan.
EasyJet esa hatto boʻyoqdan tejaydi – uning samolyotlari ogʻirlikni kamaytirish, yaʼni yoqilgʻi sarfini kamaytirish uchun qisman boʻyalgan. Wizz Airning ayrim reyslarida styuardessalar xuddi doʻkondagi sotuvchi kabi bortdagi ovqat va tovarlar sotuvidan foiz oladi. Ayrim loukosterlar hatto salondagi hojatxonani pullik qilmoqchi boʻlgan. Bu qarorlar hayratlanarli tuyulishi mumkin, lekin ularning har biri ortida maksimal daromad olish mantigʻi yotadi. Loukosterlarda hech narsa bejiz qilinmaydi. Hammasi hisoblangan, hammasi optimallashtirilgan.
Xullas, loukosterlar arzon, lekin har doim ham qulay emas va albatta hammaga ham toʻgʻri kelmaydi. Toʻgʻri, ularning tejamkor siyosati parvoz xavfsizligiga salbiy taʼsir qilmaydi. Samolyotlarga barcha uchun tatbiq etilgan talab va reglamentlarga muvofiq xizmat koʻrsatiladi. Shu bois bunday aviakompaniyalardan foydalanishni istaydigan yoʻlovchilar oqimi yildan yilga koʻpayib bormoqda.
Abulfayz Sayidasqarov