Furqat tumani IIB sobiq boshligʻi va oʻrinbosari 4 yilga qamaldi
Ular maktab direktori va sobiq inspeksiyasi rahbari ishi boʻyicha aybdor deb topildi. Tayinlangan jazo manzil-koloniyalarida oʻtattirilishi belgilandi.

Furqat tumani IIB sobiq boshligʻi va oʻrinbosari 4 yilga qamaldi. Bu haqda Fargʻona viloyati sudlari xabar berdi.
Ular maktab direktori va sobiq inspeksiyasi rahbari ishi boʻyicha aybdor deb topildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudining 2025 yil 28 noyabrdagi hukmi bilan A. X. (1986 yilda tugʻilgan, Furqat tumani IIB boshligʻi lavozimida ishlagan) va J. R. (1991 yilda tugʻilgan, Furqat tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi, 206-moddasi 1-qismi, 230-2-moddasi 1-qismi va 234-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
A. X. va J. R.ning har biriga 3 yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida oʻtattirilishi belgilandi.
Jabrlanuvchilar G. Q. va Q. A.ga kelgusida maʼnaviy zarar va boshqa zararlar yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgani holda fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir.
Shuningdek, sudning alohida xabarnomasi bilan A. X. va J. R.ga oid jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Fargʻona viloyati prokuraturasiga xabar qilinishi belgilandi.