Byurokratiyaga qarshi dasturning asosiy vazifalari belgilandi
Dastur 2026 yil 1 yanvardan ishga tushadi. Har yili "Byurokratiyani bartaraf etish” milliy mukofot tanlovi oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

Prezident "Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida" farmonni imzoladi.
Unga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash;
- tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish;
- raqamli boshqaruv va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirish;
- ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiisteʼmolchilik xavfini kamaytirish.
Dasturning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish maqsadida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida loyiha ofisi tashkil etiladi hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
-Dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
- Dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritish;
- har yil yakunida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda – davlat tashkilotlari) tomonidan davlat boshqaruvida byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini baholash, eʼlon qilish hamda davlat tashkilotlari va tashabbuskorlarni ragʻbatlantirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritish.
Har yili "Byurokratiyani bartaraf etish” milliy mukofot tanlovi oʻtkaziladi.