platina.uz
Jamiyat

Xorazmda dorixonalar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Viloyatda tibbiyot ahvoli boʻyicha mahalliy kengash axboroti eʼlon qilindi. Dorilar tanqisligi va raqamlashtirishdagi kamchiliklar aniqlangan. 

Xorazmda dorixonalar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi qaroriga koʻra, hududdagi tibbiyot ahvoli boʻyicha axborot eʼlon qilindi. Qaror 2025 yil 27 noyabr kuni chiqarilgan.

Oʻrganishlarda dorilar tanqisligi va raqamlashtirishdagi kamchiliklar aniqlandi. Shuningdek, koʻplab bemorlar tekshiruvlar uchun xususiy shifoxonalarni tanlamoqda. Shifokorlar tomonidan bemorlarni xususiy klinikalarga yoʻnaltirish holatlari koʻpaygan.

Oʻrganish jarayonida davlat shifoxonalarida ishlaydigan bir qator shifokorlar bemorlarni operatsiya, MRT, UZI va boshqa tekshiruvlar uchun oʻzlari faoliyat yuritadigan xususiy klinikalarga yuborayotgani aniqlangan. Deputatlar buni aholining noroziligiga sabab boʻlayotgan asosiy omillardan biri sifatida koʻrsatdi.

Hazorasp TTBda ayrim dorilar rasmiy tamgʻalarsiz muomalada boʻlgani, Gurlan tumanida esa analgetiklar, spazmolitiklar va gormonlar butunlay yetishmagani qayd etildi. Dorilarning bemorlarga “oʻzingiz olib keling” tarzida yozib berilishi ham fosh etilgan.

Reimbursatsiya dasturi qamrovi past — ayrim tumanlarda 25–30% atrofida. Viloyat boʻyicha dispanser roʻyxatidagi 425 ming bemorning atigi 48,5 foizi reimbursatsiya dasturiga jalb qilingan. Urganchda qamrov 26,3 foiz, Gurlanda 38 foiz, Bogʻotning bir nechta OShPlarida koʻrsatkich yanada pastligi aytildi.

DMED raqamlashtirish tizimidan foydalanish sustligi qayd etildi.

Shifokorlar elektron retsept va elektron bitim tizimidan yetarli darajada foydalana olmayapti. Qator poliklinikalarda termo printerlar yetishmaydi, ayrim tumanlarda rahbariyat qogʻoz hujjatlar bilan ishlashni davom ettirmoqda.

Homiladorlarni kech roʻyxatga olish koʻpaygan.

Ayrim OP va OShPlarda 12 haftadan keyin roʻyxatga olinayotgan homiladorlar ulushi 18–26 foizgacha yetmoqda. Skrining koʻrsatkichlari boʻyicha ham bir qator hududlarda reja bajarilmay qolgan.

Kadrlar boʻyicha qonunbuzarliklar koʻpaygan.

Mehnat shartnomalarini rasmiylashtirishda buzilishlar, buyruqlar bilan belgilangan muddatda tanishtirmaslik, hisob-kitobni oʻz vaqtida amalga oshirmaslik holatlari Bogʻot, Urganch va Hazorasp tumanlarida qayd etildi.

Mavjud holat yuzasidan kengash quyidagicha qaror chiqargan: 15 kun ichida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi, dorixonalar ustidan kuchaytirilgan nazorat oʻrnatiladi, xususiy klinikalarga noqonuniy yoʻnaltirishni toʻxtatish aamalga oshiriladi.

Qarorga koʻra:

-sohaga oid aniqlangan kamchiliklar boʻyicha 15 kun ichida batafsil tahlil va “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi;

-shifokorlarning xususiy klinikalarga noqonuniy yoʻnaltirishi qatʼiyan toʻxtatiladi;

- dorixonalar faoliyati, retseptsiz dori savdosi va muddat oʻtgan dorilar boʻyicha reydlar kuchaytiriladi;

- tugʻruqxonalarda sanitariya, jihoz, dori taʼminoti va ona-bola xavfsizligi boʻyicha qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkaziladi;

- tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash tezlashtiriladi va boshqalar.

Qaror ijrosi boʻyicha yakuniy hisobot yil oxiriga qadar Kengashga taqdim etiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid