platina.uz
Jahon

Hindiston va Xitoy oʻrtasida hududiy tortishuv: gap nima haqida?

Aeroportda xitoylik chegarachilar tomonidan ushlab qolingan ayol voqeasi muammoning qayta yuzaga chiqishiga sabab boʻldi. 

Hindiston va Xitoy oʻrtasida hududiy tortishuv: gap nima haqida?

Hindiston va Xitoy oʻrtasida yangi hududiy kelishmovchilik avj oldi.

Xitoy Arunachal-Pradesh shtati hududini oʻzinikidek hisoblaydi va uni Janubiy Tibet yoki Zangnan deb ataydi.

Hindistonning sharqiy shtati Arunachal-Pradeshdan boʻlgan ayolning huquqlari Xitoy rasmiylari tomonidan toptalgani iddao qilingan. Natijada bir necha oylik tinchlikdan soʻng, Hindiston va Xitoy yana ogʻzaki mojaroga kirishdi.

Prema Vanjom Thongdok Buyuk Britaniyada yashaydi va uYaponiyaga ketayotgan edi. U 21 noyabr kuni Shanhay Pudu xalqaro aeroportida uch soatlik tranzit uchun toʻxtadi.

Thongdokning aytishicha, Shanhay aeroporti xodimlari uni 18 soat davomida ushlab turgan va huquqlarini buzgan. Sababi sifatida uning Hindiston pasportida tugʻilgan joyi sifatida Arunachal-Pradesh qayd etilgani koʻrsatilgan. Xitoy Arunachal-Pradeshni oʻz hududi — Janubiy Tibet (Zangnan) deb hisoblaydi.

Thongdokning aytishicha, aeroport xodimlari uning Hindiston pasportini “kuchga ega emas” deb aytib, Arunachal-Pradesh Xitoyniki ekanini daʼvo qilishgan.

Ayol shunday deydi: “Men allaqachon immigratsiya nazoratidan oʻtib, xavfsizlik tekshiruvi tomon ketayotgan edim. Shu payt bir xodim kelib, pasportimni koʻrib "India! India!" deb baqira boshladi va meni alohida chetga oldi.”

Thongdok undan nega ushlab qolayotganini soʻraganida, xodim: “Hindiston pasporting yaroqsiz. Sen Arunachal-Pradeshda tugʻilgansan. Arunachal Xitoyniki, pasportingda xato maʼlumot yozilgan” degan.

Thongdok javoban: “Arunachal Hindistonning bir qismi. Men hech qachon uning Xitoyga tegishli ekanini eshitmaganman,” degan. Uning aytishicha, unga qancha vaqt ushlab turishlari haqida ham hech qanday maʼlumot berilmagan.

Ayolning aytishicha, Buyuk Britaniyadagi doʻsti yordamida u Hindiston konsulligi bilan bogʻlangan. Keyin esa Hindiston rasmiylari uni kechasi Shanhaydan uchib ketadigan reysga kuzatib qoʻyishgan.

The Indian Express gazetasi xabar berishicha, Thongdok oʻtgan yil oktabr oyida hech qanday muammosiz Shanxay Pudo xalqaro aeroportidan oʻtgan. Bu safar nima uchun bunday holat kelib chiqqani nomaʼlum.

2024 yil oxiridan beri ikki davlat munosabatlarni qayta tiklashga harakat qilmoqda. Modi va Si Szinpin Qozonda nazorat chizigʻi boʻylab qoʻshinlarni ajratish jarayonida uchrashishgandi.

Avgust oyida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Hindistonga tashrif buyurganda, Modi ikki davlat oʻzaro bir-birining manfaatlarini hurmat qilayotgani va munosabatlarda barqaror taraqqiyot borligini taʼkidlab oʻtgan edi. Avgust oyning oxirida Modi yetti yildan ichida ilk bor Xitoyga tashrif buyurib, Si bilan muzokaralar oʻtkazgan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid