AQShda mashhur toshbaqa 141 yoshida vafot etdi
Galapagos toshbaqasi ikkita jahon urushi va 20 nafar AQSh prezidenti davrini boshdan kechirdi.

AQShdagi San-Diyego hayvonot bogʻining eng keksasi boʻlgan Galapagos toshbaqasi Gramma (buvi maʼnosini beradi) deyarli 141 yoshida vafot etdi.
Gramma Galapagos orollarida dunyoga kelgan va taxminan 141 yoshda edi, deya maʼlum qildi hayvonot bogʻi rasmiylari. U 20 noyabr kuni vafot etdi.
Mayiz, romen salati va kaktus mevasi kabi sevimli taomlarini bir asrdan ortiq vaqt davomida chaynab yashagan Gramma hayotdan koʻz yumdi.
Uning San-Diyego hayvonot bogʻiga qachon kelgani aniq emas, ammo rasmiylarga koʻra u Bronks hayvonot bogʻidan 1928 yoki 1931 yilda Galapagos toshbaqalarning ilk guruhi tarkibida olib kelingan.
Atrofidagi dunyo oʻzgarib turganiga qaramay, Gramma mehmondoʻst va kamtar xulqi bilan tashrif buyuruvchilarning mehrini qozongan. U Ikki jahon urushi va 20 nafar AQSh prezidenti davrini boshdan kechirdi.
Uni parvarish qiluvchilar mehr bilan “Hayvonot bogʻining qirolichasi” deb atashardi. Jonivor uzoq yillik suyak muammolaridan aziyat chekayotgan edi va holati ogʻirlashgach, u evtanaziya qilindi, deya xabar berdi bogʻ maʼmuriyati.
(Evtanaziya – ogʻir kasallik yoki azob-uqubat tufayli umrini davom ettira olmasligi aniqlangan jonivor yoki odamning ogʻriqsiz tarzda hayotiga yakun qoʻyish amaliyoti).
Ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab mehmonlar Gramma bilan ilk bor bolaligida uchrashgani, keyin yillar oʻtib farzandlari bilan yana uni koʻrgani haqida yozishdi.
69 yoshli Kristina Park bolaligidan eslab qolgan ilk xotiralaridan birini gapirib berdi. U 3–4 yoshligida San-Diyego hayvonot bogʻiga borib, katta toshbaqaning ustiga minib olganini eslaydi. Bunday narsa endilikda taqiqlangan, ammo shu tajriba uni kichik sahro toshbaqasini uyda boqishga va toshbaqalarni asrash haqida koʻproq oʻrganishga ilhomlantirgan.
Galapagos toshbaqalari tabiatda 100 yildan ortiq, tutqinlikda esa deyarli ikki barobar koʻproq umr koʻrishi mumkin.
Maʼlum boʻlgan eng uzoq umr koʻrgan Galápagos toshbaqasi Harriet boʻlgan — u Avstraliya hayvonot bogʻida 175 yoshgacha yashagan. U 1835 yilda Galápagos orollaridan olib kelingan, oʻshanda u faqat kosa kattaligida edi xolos.
Xalqaro Tabiatni Muhofaza Qilish Ittifoqiga koʻra, Galápagos toshbaqalari 15 ta kichik turdan iborat boʻlib, ularning uchtasi yoʻq boʻlib ketgan, qolganlari ham tanazzul yoqasida.
Soʻnggi yillar davomida bu toshbaqalarni tutqinlikda koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. 1965 yildan beri 10 mingdan ortiq yosh toshbaqalar tabiatga qayta chiqarilgan. Natijada ayrim kichik turlar esa yoʻq boʻlib ketish yoqasidan qaytarildi.
Aprel oyida, Filadelfiya hayvonot bogʻida ilk bor 100 yosh atrofidagi ota-onadan toʻrt dona Galapagos toshbaqa bolalari tugʻildi. Iyun oyida esa, Mayami hayvonot bogʻida 135 yoshli Golias, ilk bor ota boʻldi.