25 yildan oshiq qidiruvda boʻlgan shaxs Oʻzbekistonga olib kelindi
U 1999 yilda Oʻzbekistondan chiqib ketgan hamda Afgʻoniston, Pokiston va Suriya hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jang qilgan.

25 yildan ortiq qidiruvda boʻlgan xalqaro terroristik tashkilot aʼzosi Oʻzbekistonga olib kelindi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi. Unda xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi joriy yilning noyabr oyida xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi.
Diniy ekstremistik oqim gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, “hijrat” va “jihod” qilishni maqsad qilgan ushbu shaxs 1999 yilda Oʻzbekistondan chiqib ketgan hamda Afgʻoniston, Pokiston va Suriya davlatlari hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Oʻzganing nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan mazkur shaxs MDHga aʼzo davlatlardan birida qoʻlga olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 154- (yollanish), 155- (terrorizm), 159- (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.