platina.uz
Jahon

Tramp Ukraina mojarosi tez orada tugashi mumkinligini eʼlon qildi

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Abu-Dabida tinchlik oʻrnatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borishi ham xabar qilingan. 

Tramp Ukraina mojarosi tez orada tugashi mumkinligini eʼlon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish boʻyicha kelishuvga oz qolganini eʼlon qildi.

"Menimcha, biz kelishuvga juda yaqinmiz. Biz buni hal qilamiz", dedi Tramp Oq uy hovlisida jurnalistlarga Shukrona kuni oldidan anʼanaviy marosimda soʻzlagan nutqida (Clash Report iqtibos keltirgan).

Avvalroq Axios oʻz manbasiga tayanib, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Abu-Dabida tinchlik oʻrnatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borishini xabar qilgandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu boradagi xabarlarni kuzatib borayotganini aytdi, ammo uchrashuvni aniq tasdiqlamadi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andriy Yermak bugun Donald Tramp va uning ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy oʻrtasida kelishuvni yakunlash uchun 27 noyabr kuni uchrashuv boʻlib oʻtishi mumkinligini eʼlon qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, asl tinchlik rejasi 28 punktdan 19 punktgacha qisqartirildi, asosiy kelishmovchiliklar hududiy masalalarga qaratilgan.

Eslatib oʻtamiz, Tramp tinchlik rejasi soʻnggi vaqtlarda eng koʻp muhokama qilinmoqda.

Avvalroq AQSh, Ukraina va Yevropa rasmiylari Jenevada uchrashgandi.

Ular tinchlik rejasi boʻyicha muzokaralarni boshlashgan. Ushbu rejada Rossiyaga yon bosilgan deya daʼvo qilingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid