Bir qancha qonunchilik hujjatlari bekor qilinadi
Ular amalda oʻz ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotgan. Shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari qayta koʻrib chiqiladi.

Oʻz dolzarbligini yoʻqotgan bir qancha qonunchilik hujjatlari bekor qilinadi.
“Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–231-son, 25.11.2025 y.) qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Farmonga koʻra, amalda oʻz ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilotinasi” orqali bekor qilinadi.
Farmon bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik va boshqa sohalardagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish, tartibga solishni soddalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi:
- tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni “E-aktiv” tizimida aks ettirish majburiyatini bekor qilish;
- koʻchmas mulkka nisbatan garov huquqini roʻyxatga olishda davlat xizmati narxini 2 baravarga kamaytirish;
- shaxsiy ehtiyoj uchun respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish;
- yer uchastkasiga boʻlgan huquqni oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra roʻyxatdan oʻtkazmagan nogironligi boʻlgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini yaratish.