platina.uz
Jamiyat

7,3 mln dollarga yer sotmoqchi boʻlgan Toshkent viloyati hokimligi bosh mutaxassisi qoʻlga olindi

U notarius yordamchisi va rieltor bilan til biriktirgan. Boshqa holatda  Yashnobod tumani hokimligi bosh yuriskonsulti ushlandi. 

7,3 mln dollarga yer sotmoqchi boʻlgan Toshkent viloyati hokimligi bosh mutaxassisi qoʻlga olindi

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlari bilan bogʻliq korrupsion holatlar aniqlandi.

Toshkent viloyati hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yordamchisi, 1980 y.t. rieltor va 1996 y.t. shaxs oʻzaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirishadi.

Ular Chirchiq shahrida joylashgan va ulgurji savdo bilan shugʻullanuvchi MChJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini fuqaroga 6 mln 800 ming AQSh dollariga sotish hamda ushbu hududga elektr, gaz taʼminoti, oqova suv yoʻllarini oʻtkazish uchun texnik shart va ruxsatnomalar, shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga 500 ming AQSh dollari, jami 7 mln 300 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 160 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro 2022 yilning oktabr oyida maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchasi qurish maqsadida Yashnobod tumanida joylashgan 80 m² yer maydonini “E-auksion” dasturi orqali yutib, 49 yil muddatga ijaraga oladi.

Ammo, turli sabablarga koʻra, qurilish ishlari toʻxtab qolib, yer maydonidan uzoq muddat davomida foydalanilmaganligi bois, 2025 yilning sentabr oyida Yashnobod tumani hokimligi tomonidan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish boʻyicha fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritiladi.

Lekin, tadbirkor tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilgach, sud uning foydasiga hal qiluv qarori qabul qiladi.

Sud jarayonlarida davogar sifatida qatnashgan Yashnobod tumani hokimligi bosh yuriskonsulti esa oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslik evaziga tadbirkordan 5 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, hokimlik bosh yuristkonsulti tamagirlik yoʻli bilan 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid