platina.uz
Iqtisod

2026 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga oʻsishi prognoz qilindi

Davlat byudjeti va soliq siyosati loyihasi (byudjetnoma) eʼlon qilindi. Davlat qarzi esa YaIMga nisbatan 35 foiz atrofida shakllanishi mumkin. 

2026 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga oʻsishi prognoz qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yilga moʻljallangan davlat byudjeti va soliq siyosati loyihasini eʼlon qildi.

Milliy prognozlarga koʻra, davom etayotgan murakkab geosiyosiy va tashqi iqtisodiy vaziyatlarga, shuningdek, dunyoning rivojlangan davlatlari savdo siyosatidagi tebranishlarga qaramasdan Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsish prognozlari qayta koʻrib chiqilganda, 2025 yilda 7 foiz, 2026 yilda 6,6 foiz, 2027 yilda 6,8 foizni va 2028 yilda 6,9 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, sanoat mahsulotlarining oʻsish surʼati 2026 yilda 6,4 foizni, 2027 yilda 6,7 foizni, 2028 yilda 6,9 foizni, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning oʻsish surʼati 2026 yilda 4,2 foizni, 2027-2028-yillarda 4,3 foizni, bozor xizmatlarining oʻsish surʼati 2026 yilda 14,5 foizni, 2027 yilda 14,3 foizni, 2028 yilda 14,4 foizni tashkil etishi mumkin.

Qurilishda oʻsish surʼati 2026 yilda 10,2 foizni, 2027 yilda 8,3 foizni, 2028 yilda 8 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,4 trln soʻm yoki YaIMga nisbatan 26,1 foiz, xarajatlari 567 trln soʻm yoki YaIMga nisbatan 28,7 foiz, shuningdek davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun depozitlar va ssudalar 8,2 trln soʻm yoki YaIMga nisbatan 0,4 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda.

Davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida oʻrta muddatda davlat qarzi YaIMga nisbatan 35 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Aholining real daromadlarini oshirish maqsadida byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni har yilgi inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borish koʻzda tutilgan.

Avtomobilsozlik sanoatida yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmlari 1,5 barobargacha oshirilib, 700 ming donaga yetadi.

Elektr energetikasi tarmogʻida yangi 11,7 GVT qoʻshimcha quvvatlar yaratiladi. Bunda, 2 GVT fotoelektr stansiyalari, 5,4 GVT shamol elektr stansiyalari, 3,7 GVT DXSh asosidagi zamonaviy issiqlik elektr stansiyalar, 560 MVT elektr energiyasi saqlash tizimi quvvatlari ishga tushirilishi hisobiga 2028 yilga borib jami elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 108,5 mlrd KVT soatga yetkaziladi.

Bundan tashqari, energiya sarfi yuqori boʻlgan issiqlik elektr stansiyalarida 3,2 GVT quvvatdagi eski energiya bloklari bosqichma-bosqich konservatsiya qilinadi, shundan, joriy yilda 1 GVT, 2026 yilda 160 MVT quvvat foydalanishdan chiqariladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid